O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 16-17 may kunlari Andijon viloyatiga tashrif buyurgandi.
Tashrif davomida respublika va mahalliy tashkilot, idora rahbarlariga Andijonda sanoatni yanada rivojlantirish, aholi turmush tarzini yuksaltirish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi, yangi vazifalar belgilab qo‘yildi.
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Kun.uz'ga bergan intervyusida davlat rahbari ta'kidlab o‘tgan vazifalar va yangi maqsadlar, viloyat aholisini qiynab kelayotgan muammolar bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Prezidentning har bir viloyatga tashrifidan maqsad oldingi berilgan topshiriqlar ijrosi qay darajada bajarilganligini va kelgusida qanaqa muammolar bor, ularni hal qilish masalalarini ko‘rishdir. Viloyatdagi men xabardor bo‘lgan muammolarni yechish yuzasidan Prezidentga savol bilan murojaat qilganimda, ularning barchasi hal qilindi. Mana yaqinda davlat rahbari Andijonda rasmiy tashrif bilan bo‘lganida o‘sha muammolarni qanday hal qilish rejasi, muddati aniq vazifalar belgilangan bayonnomani imzoladi.
Andijonga xos bo‘lgan va og‘riqli masala — yetarli ishchi o‘rinlar yaratish, chunki viloyat aholisi boshqa hududlarga nisbatan zich joylashgan. Bu yerda respublikaning umumiy aholisining 10 foizi istiqomat qiladi, yer maydoni esa nisbatan kichik. Xalq qachon turmushidan rozi bo‘ladi? Qachonki doimiy ish bilan ta'minlansa. Shundan kelib chiqqan holda, Prezident yirik masshtabdagi loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratyapti.
Masalan, 25 trln.so‘mga teng 908 ta loyiha imzolandi, ularning muddatlari, kim tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Buning natijasida 50 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratishga erishamiz. Shuningdek, 1 trln. 846 mlrd.so‘mlik qurilish-bunyodkorlik ishlari loyihalarini amalga oshirish vazifalari belgilandi va kerakli mablag‘lar ajratildi.
Qurilish viloyat uchun har qachongidan ko‘ra ko‘proq ahamiyatli hisoblanadi. Birinchidan, yangi ish o‘rni yaratiladi. Ikkinchidan, hududning eng katta muammolaridan bo‘lgan uy-joy masalasi hal bo‘ladi. Hozirda viloyatning 20 mingdan oshiq aholisi uy-joyga muhtoj. 2017 yilgacha Andijon shahri (uy-joyga muhtoj eng ko‘p aholi qatlami)da birorta ham ko‘p qavatli uy qurilmagan.
2017-2018 yillarda 60 dan ortiq 5 va 7 qavatli uylar qurildi va 2 ming nafar fuqaro uy-joy bilan ta'minlandi. Jarayon davom etyapti, 12ta 9 qavatli uylar qurish bo‘yicha Prezident alohida topshiriq berdi, unga yetarli mablag‘ ham ajratildi. Keyingi yilgacha esa 70 ta 9 va undan yuqori qavatli turar joylar quriladi. 2020-2021 yillarda 300 ta shunday uy-joylar qurish vazifasi qo‘yilgan. Buning natijasida Andijon aholisining uy-joyga muhtoj asosiy qatlami talabini qondirishga erishamiz.
















