Hududda kapsula shaklidagi 4 ta zamonaviy dam olish uyi va milliy uslubdagi 5 ta oʻtov oʻrnatilgan. Oʻttiz gektar maydonda manzarali daraxtlar va archalar ekilgan. Oilaviy restoran, turli attraksionlar hamda zamonaviy tungi yoritish tizimi tashkil etilgan.

53
Prezident matbuot xizmati

Majmuada tabiiy muhitni saqlash va resurslardan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratilgan. Hududda 14 ming kub metr sigʻimga ega membranali suv havzasi qurilgan. Daraxt va ekinlar toʻliq tomchilatib sugʻorish tizimi orqali sugʻoriladi.

Loyihaning umumiy qiymati 51,8 milliard soʻmni tashkil etadi. Uning amalga oshirilishi natijasida mahalliy aholi uchun 275 ta doimiy va 200 ta mavsumiy ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, bogʻda yetishtiriladigan uzumni eksport qilish rejalashtirilgan.

Muassasa toʻliq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 80 milliard soʻmlik xizmatlar koʻrsatilishi hamda mahalliy byudjetga 3 milliard soʻm tushum taʼminlanishi kutilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar toʻliq ishga tushirilishi rejalashtirilgan «Uzum bogʻi» majmuasi Andijon viloyatining jozibador sayyohlik maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

52
Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari shu yerda yozilgan dasturxon atrofida viloyat faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda Andijonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar, aholi farovonligini oshirish, mahallalarni obod qilish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish haqida soʻz bordi.

Tadbir davomida madaniy dastur va dronlar shousi namoyish etildi.