Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifi davomida hududdagi vaziyat va yechimini kutayotgan masalalar haqida fikr bildirar ekan, soʻnggi kunlarda kam uxlayotganini aytdi.

Davlat rahbari Andijonda havo yaxshi ekanini, biroq hududda hal qilinishi kerak boʻlgan masalalar koʻpligi sababli oʻylar uni qiynayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, prezident kecha suhbatlashgan oqsoqollardan birining «Notinch dunyoda tinch mamlakat bor – Oʻzbekiston» degan soʻzlarini alohida qayd etdi.

«Siyosatdan yiroq odam, lekin yuragidagi bor gapni gapirdi. Men juda xursand boʻldim», – dedi prezident.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijondagi muloqot chogʻida kecha bir ayol bilan boʻlgan suhbatni esladi:

«Oddiy bir ayol koʻz yoshi bilan: “Janob prezident, Rossiyada ishlab yurganman, necha yillardan beri. Ikki nafar farzandim bor, ona boʻlib oʻzim tarbiyalayapman”, dedi.

Uning koʻzida nur bor edi. Menga aytgan birinchi gapi – “Bu yerda daromadim ancha yuqori”, degani boʻldi», – dedi davlat rahbari.

Prezident yana bir jihat oʻzini xursand qilganini aytib, ayolning ikki farzandidan biri bu yil Andijon davlat tibbiyot institutiga oʻqishga kirganini taʼkidladi.

«Men undan: “Besh yil oldin farzandingiz oʻqishga kirishiga ishonarmidingiz?” deb soʻradim. Butun zal “Hech qachon bunday boʻlmagan”, deb javob berdi.

Bu islohotlarimizga berilgan xalqning bahosi emasmi?» – dedi Shavkat Mirziyoyev.