Nomi «Barselona» bilan bog‘lanayotgan ikki futbolchining kelajagi hamon noma'lumligicha qolmoqda.
«Barselona» kamdan-kam transferlarni osonlik bilan amalga oshiradi. Bu klub bilan bog‘liq transferlar uzun serialga va hatto afsonaga aylanib ketadi. Goh Neymar ketadi, goh Koutino keladi - bu yirik transferlar jarayoni asosida tarixiy detektiv filmlar ishlasa ham bo‘ladi. Bunday tarixlarda futbolchilar «A» harfini aytadi, ammo og‘izdan «B» harfi chiqishi kechikib ketadi. Bu yozda ham shunday bo‘lmoqda.
Kataloniyaliklarning bugungi kundagi ikki asosiy nishoni - de Ligt va Grizmann haqida faqat bittadan aniq ma'lumot bor: biri yangi mavsumni «Ayaks»da boshlamaydi; ikkinchisi esa «Atletiko»dan ketishi haqida rasman e'lon qilgan. Bo‘ldi. Boshqa ma'lumot yo‘q - aniqrog‘i aniq ma'lumot yo‘q - niderlandiyalik himoyachi va fransiyalik hujumchining kelajagi haqida bir-biriga teskari son-sanoqsiz mish-mishlar tarqalishi davom etmoqda.
Keling, bir boshidan ko‘rib chiqamiz.
Kichkina shahzoda
2018 yil iyunida «Barselona»da texnik kotibga aylangan jamoaning sobiq futbolchisi Erik Abidalning birinchi galdagi vazifasi - Grizmann bilan kelishuvga erishish bo‘lgandi. Barcha eslaydi: futbolchi kelajagi bo‘yicha qarorga kelishda ikkilanib yurdi, «Qaror» (La Decisión) nomli hujjatli film ishladi va yakunda «matraschilar» bilan yangi shartnoma imzoladi. Mavsumni o‘z darajasida o‘tkazmagan futbolchi birdaniga may oyida madridliklar klubi safini tark etishini e'lon qilib yubordi. Shundan buyon bir oy vaqt o‘tdiki - hech narsa joyidan siljimadi.
O‘shanda, may oyida Kataloniya poytaxti - fransuz futbolchisi uchun yagona yo‘nalish bo‘lib ko‘ringandi, futbolchining atrofidagilar va kataloniyaliklar rahbariyati vakillari o‘rtasida aloqalar o‘rnatilgan, muzokaralar boshlanishi yaqindek edi. «Barselona»ning qiziqishi ham tushunarli edi: o‘tgan yilgi spektaklga qaramasdan Antuan «Kamp Nou»ga kerak edi - birinchidan, Suaresning yoshi 32ga chiqqan, u endi avvalgi sport formasiga qayta olmaydi, u endi xalqaro maydonlarda jamoaga yordam bera olmay qoldi (Chempionlar ligasining so‘nggi ikki mavsumida atigi ikkita gol ko‘p narsani anglatadi), ikkinchidan, agar Koutino ketsa bu «Kichkina shahzoda» uchun hujumning chap qanotida bo‘sh hudud paydo qiladi. Agar undan markaziy hujumchi sifatida foydalanilsa, Dembele bilan tandemda jamoa o‘yiniga yangicha chizgilar berish mumkin bo‘ladi.
Ziddiyat
Ammo hozircha o‘sha tarix takrorlanmoqda. Grizmann «A» so‘zini aytdi va jim qoldi. O‘tgan vaqt mobaynida u kichik intervyular berdi va o‘zi ham hech narsani bilmasligini bildirdi. Masalan, u 8 iyun kuni Telematin nashri uchun bergan intervyusida u shunday dedi: «Men keyingi mavsumda qayerda to‘p surishimni bilaman». Keyin esa hazillashgancha qo‘shimcha qildi: «Men 7 yildan keyin Mayamida o‘ynashimni ham bilaman».














