O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 19 maydagi 377-sonli qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 747-sonli “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi qarorini chiqardi.
Ushbu qarorga asosan 2019 yil 1 iyuldan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish ishlari sinov tariqasida ishga tushirildi.
2019 yil 1 iyuldan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam oylik ish haqining besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslar videoregistratorlar orqali yo‘l harakati ishtirokchilari (yo‘lovchi va piyodalar bundan mustasno) tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlarini qayd etishi hamda uch ish kuni ichida markazlashtirilgan tizim (http://dyhxx.ejarima.uz) orqali ichki ishlar organlariga ko‘rib chiqish uchun yuborishi mumkin.
Videoregistrator orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holati to‘g‘risidagi videoyozuvda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:
sodir etilgan huquqbuzarlik holati;
transport vositasining rusumi va davlat raqami belgisi;
huquqbuzarlik sodir etilgan sana va vaqt.
Huquqbuzarlik holati aks ettirilgan videoyozuvlarga har qanday tarzda o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi.
O‘zgartirish kiritilgan videoyozuvlar ko‘rib chiqilmaydi, hajmini qisqartirish maqsadida videoyozuvning bevosita huquqbuzarlik holati aks ettirilgan qismini kesib olish bundan mustasno (qoida tariqasida, videoyozuvning davomiyligi 120 sekunddan oshmasligi lozim).
















