Iyul oyi futbol musobaqalaridan xoli bo‘lsa-da, aslida, futbol haqida eng ko‘p gaplashiladigan, eng ko‘p yangiliklar kuzatiladigan palla deyish mumkin. Bu oyda futbolchilar ta'tildan qaytib, mashg‘ulotlar boshlanadi, demakki, murabbiylar asosiy transferlarini shu oyda, ya'ni yig‘inlar arafasida amalga oshirib olishga intilishadi. Hozirda yirik transferlarni ham yozning so‘nggi kunlariga qoldirishmayapti.

Tabiiyki, bu pallalarda transferlar haqida xabarlar ko‘payadi, bir birini inkor qiluvchi yangiliklar oddiy muxlisning boshini aylantirishi ham turgan gap. Transferlar haqida Tribuna.uz ilgari ham tahliliy maqola nashr etgandi, bu safar ham yana shu mavzuda, faqat boshqacharoq rakursdan qaralgan mulohazalarni e'tiboringizga havola qilamiz.

Transfer mish-mishlari to‘qib chiqariladimi?

Qisman, ha. Ba'zi xabarlar shunchaki, o‘ylab chiqariladi. Yana ba'zilari ishonchsiz manbalardan olingan. Aytaylik, «A» resurs bu xabarni «B resursga ko‘ra» deb beryaptimi, demak, o‘sha «A» resurs bu xabarni o‘z manbalaridan tasdiqlay olmagan. Agar tasdiqlay olsa, o‘z manbasiga ko‘ra bergan bo‘lardi. Ammo shu bilan birga, o‘sha xabarga ham sal bo‘lsa-da, ishonadi. Shuning uchun «A» sayti bu xabarni beradi, faqat manba sifatida «B» saytini «ro‘para» qiladi.

Ba'zida xabarning manbasi ushbu holat bo‘yicha manfaatdor taraf bo‘ladi. Masalan, biror futbolchining agenti yoki biror klub, kamerani chetga olib turib, biror xabarni shipshitishi mumkin. Bir futbolchiga falon klublar qiziqyapti, deb. Bu ma'lumot haqiqat bo‘lishi ham, g‘irt yolg‘on bo‘lishi ham mumkin. Nega? Shu orqali klub yoki agentlar u yoki bu futbolchiga bo‘lgan qiziqishni oshirishlari mumkin. Tajribali o‘quvchi vaziyatni tahlil qilishi, oldingi xabarlar bilan solishtirib, xulosa qilishi mumkin bo‘ladi.

Yoki shunday holatlar ham bo‘lib turadi - masalan, bir xabar seshanba kuni bu mamlakatda, ertasiga boshqa joyda, payshanba kuni esa, yana bir boshqa mamlakatda paydo bo‘ladi. Bu xabarning aniqligini, ya'ni kundan kunga tasdiqlanib borayotganini anglatmaydi, shunchaki, nashrlar bir xabarni takrorlayotgan bo‘lishadi, xolos. Avvallari, bu holat ko‘proq kuzatilardi, internet rivojlanishi natijasida kamaydi.

Manbalar kim? Ular qayerdan paydo bo‘ladi?

Shuni tushunish kerakki, ma'lum bir transfer doirasida biz o‘ylagandan ham ko‘proq odamlar mavjud bo‘ladi. Ba'zilar butun vaziyatni bilishadi, ba'zilar faqat bir qismini, baribir kimdir nimanidir aytgisi keladi. Futbolchilarning oilasi, do‘stlari, jamoadoshlari bor. Klublardagi direktorlar, skautlar, menejyerlar, yana agentlar yoki «o‘rtakash»lar shular jumlasidandir.