Joriy yilning 5 iyul kuni soat 16:00da Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani chegara hududida xizmat faoliyatini olib borayotgan chegara naryadlari tomonidan noqonuniy ravishda Davlat chegarasi belgilangan hududga katta tezlikda, ichida bir qancha fuqarolar bilan harakatlanayotgan 4 dona transport vositalariga to‘xtash ishorasini berganida, ular harbiy xizmatchilarning “To‘xta” buyrug‘iga bo‘ysunmasdan yo‘lini davom ettirgach, ushbu sohada xizmat faoliyatini olib borayotgan boshqa chegara naryadlari tomonidan mazkur transport vositalari majburiy to‘xtatilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi DXX chegara qo‘shinlari xabar berdi.
Video: Youtube
Mazkur transport vositalari tekshirilganda, unda harakatlanib kelayotgan fuqarolar, Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan, Sh. Komilov rahbarligidagi «Only Tea» xususiy firmasining ishchilari ekanligi, shuningdek, ular Davlat chegarasida kovrak o‘simligini terish uchun chegara hududiga harakatlanayotganligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, transport vositalarida bo‘lgan xususiy firma xodimlari va DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Chegarachilar tomonidan firma ishchilarini belgilangan hududga kiritish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmaganligini bildirib, ularni ortga qaytishi va tegishli ruxsatnoma bilan kelishlari tushuntirilgan. Ammo, firmaning mas'ul xodimlari hokimlik va tumani IIB tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ro‘kach etib, DXX chegara qo‘shinlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni mensimagan holda harakatlanish qismida harbiy xizmatchilar bo‘lishiga qaramasdan transport vositasida chegara hududi tomon harakatlanmoqchi bo‘lgan. Buyruqqa bo‘ysunmagan fuqarolarni to‘xtatish va harbiy xizmatchilarning shaxsiy xavfsizligini ta'minlash maqsadida, chegara naryadi tarkibi tomonidan osmonga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzilgan.
Bo‘lib o‘tgan voqeaga aniqlik kiritish maqsadida ushbu holat DXX Chegara qo‘shinlari mas'ullari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida, Qumqo‘rg‘on tuman hokimining qaroriga asosan, mazkur «Only Tea» xususiy firmasiga kovrak o‘simligini yig‘ish uchun Bobotog‘ tog‘ tizmalarining chegara hududidan joy ajratilgan. «Only Tea» xususiy firmasi rahbari Sh. Komilov 2019 yil 1 iyul kuni Qumqo‘rg‘on tumani IIBdan chegara hududida bo‘lish uchun murojaat etgan va tegishli ruxsatnoma olgan.















