Jurnalist Komiljon Shamsiddinov O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining ilk raisi, iste'fodagi general-mayor O‘rayimjon Abdug‘aniyev bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi. Quyida matn to‘liq holda keltiriladi.

- O‘rayimjon aka! Siz mustaqil O‘zbekistonning bojxona tizimiga asos solgan odamlardan biri, Davlat bojxona qo‘mitasining ilk rahbarisiz. Mustaqillikning dastlabki yillaridagi jarayonlar oson kechmagani aniq. Bugun o‘sha yillar xotiralarini yodga olganingizda nimalar esga keladi?

- Mustaqillik e'lon qilinganiga endigina 26 kun bo‘lgan edi. O‘sha kezlarda bizda bor-yo‘g‘i ikkita, ya'ni Termizdagi va Toshkent aeroportidagi bojxona posti ishlardi. 1991 yil 26 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdi. Unga asosan Ichki ishlar vazirligi tizimida – tovar-moddiy boyliklar olib chiqib ketilishi ustidan nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tuzildi. Boshqarma maqomidagi u inspeksiyaning boshlig‘i etib men tayinlandim. Inspeksiyaga 107 ta shtat berildi. Mana – O‘zbekiston Respublikasining xaritasi. Uning hududi: g‘arbdan sharqqacha – 1425 km, shimoldan janubgacha esa – 930 km. Hududining umumiy maydoni 440,4 ming kvadrat kilometr. Menga Ichki ishlar vazirligidan bitta xona ajratishgan. Kelib o‘tirganim hamono qo‘limga O‘zbekistonning xaritasini oldim. Ochig‘i, unga qarab o‘tiribman-u, ko‘nglimda qo‘rquv. Boisi – ana shu ulkan hududning hamma yog‘idan olib chiqilayotgan tovarlarni nazorat qilish oson emas. Xo‘sh, nima qilish kerak? Qarorda “asossiz va noqonuniy olib chiqilishini nazorat qilish kerak”, deyilgan, xolos. Boshqa konkret bir ko‘rsatma yo‘q. 106 ta shtat – vakant, faqat boshliq o‘rnida o‘zimman....

U paytda O‘zbekistonda chegara qo‘shinlari yo‘q edi. Vaholanki, mamlakat hududining uchdan bir qismi – cho‘l, xiyobon va tog‘li joylar, ularniyam bekitish kerak, mamlakatning besh tomonida beshta mustaqil davlat turgan bo‘lsa... Xullas, o‘sha kezlarda Respublika bo‘ylab 100 dan ortiq postlar tashkil qildik. Undan tashqari har bir viloyatda 2-3 tadan, avtomashinada harakatlanadigan ko‘chma postlar ochganmiz. Chunki statsionar postlar hamma narsani hal qilolmasdi. Ko‘chma postlar aylanib yurib, chegaralarni nazorat qilib turgan. Natija, menimcha yomon bo‘lmadi. To‘g‘ri, hamma masala hal bo‘ldi, deb aytolmayman. Lekin O‘zbekiston mustaqilligi mustahkamlandi, deyishim mumkin.