So‘nggi paytlarda iqtisodchilar va tadbirkorlar o‘rtasida davlatimizning iqtisodiy siyosatida import cheklovlarini qo‘llash bo‘yicha tortishuvlar avj olmoqda. Bu bahslar ijtimoiy tarmoqlarga ham ko‘chib, turlicha populistik fikrlar ilgari surilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish muhitiga o‘z ta'sirini o‘tkazishi tabiiy, albatta.

Masala nimada?

Ishlab chiqarishni endigina yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar import bojlarini oshirish orqali davlat tomonidan himoya choralari qo‘llanishini so‘ramoqda. Ma'lumki, iqtisodiyot nazariyasida

bu holat proteksionizm deb ataladi va bu jarayonda mamlakat yoki bir nechta mamlakatlardan iborat bloklar o‘z iqtisodiyotini himoya qilish maqsadida tashqi savdo operatsiyalariga cheklovlar (asosan import bojlari) kiritadi.

Hozirgi kunda, proteksionizmning tariflar, kvotalar, subsidiyalar, sertifikatlash, milliy mahsulotlardan foydalanish talablarini joriy qilish, ma'muriy to‘siqlar, antidemping va valuta kurslarini boshqarish kabi usullari keng qo‘llanadi.

Mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish jarayonlari sekinlashgan hollarda proteksionizm siyosatining jozibadorligi oshadi. 2009 yilning iqtisodiy krizisi oxirgi 30 yil ichida xalqaro tashqi savdoni liberallashtirish yo‘lida qilingan barcha ishlarni yo‘qqa chiqardi. Ayniqsa, iqtisodiy faollik pasayishi oqibatida davlat moliyasining kuchsizlangani holatida import bojlarini oshirish budjet taqchilligini kamaytirishga qaratilgan oson usullardan hisoblanadi.

Tarix nima deydi?

AQShda (1930 y.) Smoot-Hawley tariflarining joriy qilinishi tarixda qo‘llangan eng katta proteksionistik qadamlardan hisoblanadi. Bunda proteksionizm tarafdorlari iqtisodiyotning «go‘dak» sektorlarini himoya qilish, mahalliy ish o‘rinlarini yaratish, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq sektorlarni saqlab qolish, iste'molchilarni himoya qilish kabi vajlar bilan qonun loyihasini ommaga olib chiqishgan.

Shunda o‘sha davrning eng atoqli iqtisodchilarini o‘z ichiga olgan 1028 nafar olimdan iborat