Bugun, 18 iyul kuni Xalq ta'limi vazirligida Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlaridagi Prezident maktablariga o‘quvchilarni qabul qilishda o‘tkazilgan saralash imtihonlari natijalari va asosiy bosqich imtihonlari jarayonlari to‘g‘risida ma'lumot berish maqsadida, Cambridge assessment va Xalq ta'limi vazirligi vakillari ishtirokida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Ma'lumki, Cambridge Assessment International Education (Buyuk Britaniya) tashkiloti 29 iyundan 2 iyulga qadar Prezident maktablariga saralash imtihonlarini o‘tkazgan edi.

Saralash imtihonlarida ishtirok etish uchun 28 452 nafar nomzodlar ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan 27 471 nafari imtihonda ishtirok etishiga ruxsat berildi. 981 nafar o‘quvchi hujjatdagi kamchiliklari tufayli imtihon topshirishga tavsiya etilmadi. Respublikaning 4 ta hududida, katta sig‘imli inshootlarda tashkil etilgan imtihonlarda 27 119 nafar nomzodlar qatnashdi.

Cambridge Assessment International Education tashkiloti 16 iyul kuni saralash bosqichi natijalarini o‘z veb-saytida e'lon qildi.

Toshkent shahri, Namangan va Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida talabgor o‘quvchilar quyidagi natijalarga erishishdi (maksimal ball - 96):

Saralash imtihonlari natijalariga ko‘ra bir xil ball to‘plash holati yuzaga kelganda, ya'ni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball to‘plagan vaziyatda, afzallik imtihonda “S” toifasidagi savollarga ko‘proq ball yiqqanlarga, keyin esa “B” toifasidagi savollarga ko‘proq ball to‘plaganlarga berildi. Nomzodlar barcha toifadagi savollar bo‘yicha bir xil umumiy va teng ball to‘plagan taqdirda, nomzodlarni tug‘ilgan sanasi bo‘yicha saralanadi, bunda yoshroq nomzod afzal ko‘rildi.

Saralash imtihoni natijasiga ko‘ra, 11 520 nafar nomzodlar 21-24 iyul kunlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkent shaharlarida tashkil etiladigan Prezident maktablarining asosiy qabul imtihonlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Nomzodlar imtihonning asosiy bosqichida talabgorlar soni bir o‘ringa 20 nafardan oshmagan holda ishtirok etadi.

Prezident maktablarining asosiy qabul imtihonlari Cambridge Assessment International Education tashkiloti vakillari tomonidan tashkil etiladi.