O‘zbekiston | 10:06 / 24.07.2019
2831
2 daqiqa o‘qiladi

BMT baholovchi missiyasi O‘zbekistonga yuboriladi. U saylov jarayonini tashkillashtirishda yordam beradi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 22 iyul kuni AQShda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Nyu-York shahrida BMT bosh kotibining Yaqin Sharq, Osiyo mamlakatlari va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha yordamchisi Xaled Xiari bilan uchrashdi.

BMT vakili so‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan O‘zbekistonning tashkilot doirasidagi hamkorligining faollashuvi, respublikani har tomonlama rivojlantirish va Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilayotgan «misli ko‘rilmagan va qaytarib bo‘lmaydigan islohotlar»ni yuqori baholadi va bu «mintaqaviy integratsiya va Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta'minlashning muhim omili» ekanligini qayd etdi, deyiladi TIV xabarida.

O‘zbekiston rahbarining Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha siyosati BMT rahbari Antoniu Guterrish tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganligi va uning bu haqda bir necha bor barchaga gapirgani ta'kidlandi.

Xaled Xiari O‘zbekiston tomoniga Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan.

Suhbat chog‘ida BMT va tashkilot tuzilmalarining joriy yil dekabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida ishtirok etishiga hamda tashkilot rahbariyatining saylov jarayonini sifatli va xolis tashkillashtirishda yordam berish uchun BMT baholovchi missiyasini respublikaga yuborish to‘g‘risidagi qaroriga alohida e'tibor qaratildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid