Sergey Lavrov umumiy munozaralarning beshinchi kunida minbarga chiqdi. U nutqi boshidan SHHT, BRIKS, MDH tashkilotlarini maqtab, bu tuzilmalarda jamlanganlar endi xalqaro masʼuliyatni boʻyniga olyapti deya Gʻarb gegemonligi tarixda qoldi, demoqchi boʻldi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri AQShning Venesuela operatsiyasini keskin qoraladi. Lavrovga koʻra, bu mutlaqo noqonuniy.

«Axloqiy meyorlarga zid ravishda AQSH Venesuelaga bostirib kirdi, natijada prezident Maduro va uning turmush oʻrtogʻi oʻgʻirlanib, sud qilinmasdan Amerika qamoqxonasida ushlab turildi. Bu xalqaro huquq har qanday davlatning eng yuqori martabali davlat amaldorlari immunitetlarga ega boʻlishi kerakligini aniq koʻrsatishiga qaramay sodir boʻldi. Biz Venesuela rahbari va uning turmush oʻrtogʻini zudlik bilan ozod qilishni va bunday haddan tashqari xatti-harakatlarning takrorlanmasligini talab qilamiz», dedi Lavrov.

Shuningdek, u Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xominaiy va oila aʼzolari, Eron Islom Respublikasi harbiy va siyosiy rahbariyati aʼzolarini oʻldirish uchun kuch ishlatilganini qabul qilib boʻlmasligini taʼkidladi.

Rossiya vakiliga koʻra, Gʻazodagi tinchlik rejasi umuman ishlayotgani yoʻq.

«Deyarli bir yil oldin Xavfsizlik kengashi Gʻazo sektori uchun tinchlik rejasini tasdiqlagan edi, ammo u yerda tinchlik hukm surmayapti. Keksa odamlar, ayollar va bolalar u yerda halok boʻlishda davom etmoqda. Gumanitar vaziyat ogʻir. Gʻarbiy sohilda vaziyat yomonlashishda davom etmoqda, u yerda Isroil oʻzining aholi punktlarini qurish faoliyatini kuchaytirmoqda. Agar vaziyat davom etsa, Falastin davlatini tuzish imkonsiz boʻladi, joy qolmaydi. Ammo agar shunday boʻlsa, Isroilning xavfsizligi ham doimiy tahdid ostida boʻladi», deydi Lavrov.

Rossiya vakili chiqishida Kubadagi vaziyatga ham toʻxtalib, Moskva doim Kubaning yonida ekanini bildirdi.

«Kubadagi dahshatli gumanitar vaziyatni bartaraf etish uchun shoshilinch choralar koʻrish kerak. Biz Kuba xalqi va uning hukumati bilan birgamiz. Biz AQShni oroldagi qamalni bekor qilishga va Kuba bilan savdodagi barcha cheklovlarni olib tashlashga, uni oʻsha jirkanch roʻyxatdan, terrorizmni qoʻllab-quvvatlovchi davlatlar roʻyxatidan chiqarib tashlashga chaqiramiz», dedi Lavrov.

Vazirning qoʻshimcha qilishicha, Ukraina urushining davom etishiga eng katta sababchi - Yevropa. Ular Trampning tinchlik muzokaralarini bekor qilish uchun qoʻlidan kelganini qilishmoqda.