O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.  

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim omildir. Ushbu soha vakillarini har taraflama qo‘llab-quvvatlash maqsadida oxirgi ikki yarim yilda Prezidentning ellikdan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.

Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, turli ruxsatnomalar olish va boshqa ko‘plab xizmatlar tartib-qoidalari soddalashtirildi. Bu borada qulaylik yaratish uchun Davlat xizmatlari agentligi va uning joylardagi markazlari tashkil etildi. Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) lavozimi joriy qilindi.

Barcha hududlarda tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilib, hal etishga ko‘maklashadigan Bosh vazir qabulxonalari tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, unga 200 milliard so‘m va 50 million dollar mablag‘ ajratildi.

Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga ajratilayotgan kreditlar hajmi oshdi.

Bunday amaliy choralar o‘z natijasini bermoqda. Kichik biznes mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 60 foizini, sanoat mahsulotlari hajmining uchdan birini, qishloq xo‘jaligi mahsulotining 98 foizini, investitsiyalarning yarmini ta'minlamoqda. Ko‘pgina viloyatlarda eksportning 70-90 foizi aynan kichik biznesga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning 6 oyida tadbirkorlik sub'yektlari soni 60 mingtaga ortgan.

Yig‘ilishda ushbu ko‘rsatkichlar islohotlarning dastlabki natijalari ekani ta'kidlanib, asosiy e'tibor hanuzgacha uchrayotgan muammolarni hal etishga qaratildi. 

Davlatimiz rahbari viloyat, tuman, shahar hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari mutlaqo yangicha ishlab, 70 foiz vaqtini hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga sarflashi kerakligini ta'kidladi. 

Har bir viloyat, tuman va shahar hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari faoliyatiga yangi tashkil etilgan yoki faoliyati qayta tiklangan kichik korxonalar va ularda yaratilgan ish o‘rinlari sonidan kelib chiqqan holda baho berib, rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etish vazifasi qo‘yildi.