«Osiyo to‘rt yo‘lbarsi» dan biri — Janubiy Koreya kunchiqar mamlakat bilan savdo urushi ko‘chasiga kirib bormoqda. Yaponiya va Janubiy Koreya AQShning mintaqadagi yaqin hamkorlari, anti-Xitoy siyosatida yetakchi davlatlar hisoblansa-da, ular o‘zaro hisobni joyiga qo‘ymoqchi.
Eksportga taqiq qo‘yildi
Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe 3 turdagi kimyoviy komponentlarni Janubiy Koreyaga eksport qilinishiga cheklov qo‘ydi. Cheklov rasman 4 avgust kuni kuchga kiradi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya yaponlarning yuqori texnologik ishlanmalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilish huquqini beruvchi ro‘yxatdan chiqarib tashlandi.
Bularning barchasiga Yaponiya hukumat shubhasi, ya'ni koreyslar ikkilamchi tovar sifatida yapon yuqori texnologik ishlanmalarini Xitoyga sotayotgani sabab bo‘ldi. Kuzatuvlar boshqa kartinani ham taqdim etadi, aslida Abening qarori o‘zaro hisob-kitobga oid bo‘lishi mumkin.
Gap shundaki, Janubiy Koreya sudi o‘tgan yili noyabrda yaponlarning Nihon Steel, Fujikoshi Coporation Mitsui va Havy Industries kabi yirik kompaniyalarda Ikkinchi jahon urushi davri koreyslar mehnatga majburlaganini inobatga olib, Janubiy Koreya xalqiga kompensatsiya to‘lanishi zarurligini hukmda bildirgandi. Sud yapon kompaniyalarining Koreyadagi aktivlarini garov sifatida muzlatib qo‘ygandi. Ayni paytda 3ta kompaniya aktivlari sotuvga chiqarilishi oldidan Yaponiya hukumati shunday keskin choralar ko‘rmoqda.
Yaponiya rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, 1965 yili Janubiy Koreyaga urush davrida yetkazilgan ziyonni qoplash uchun 500 million dollar tovon to‘lagan, ammo pullar mamlakat iqtisodiyoti va infratuzilmaga yo‘naltirildi. Kompensatsiya talab qilayotgan aholi esa pulni Koreya hukumatidan talab qilishi kerak. Masalani hal etish uchun xalqaro arbitraj komissiyasi tuzilishi taklif etilgan, ammo Koreya tomoni buni rad etadi. Endilikda Yaponiya savdo urushi orqali hisob-kitobni o‘rniga qo‘ymoqchi.















