19-sentabr kuni Yaponiyaning Nagoya şahrida XX yozgi Osiyo öyinlari rasman oçildi. Keyingi 16 kun davomida, yaʼni 4-oktabrga qadar 11 mingga yaqin sportçi 43 ta sport turi böyiça 469 ta medal jamlanmasi uçun kuraş olib boradi. Yaponiya uçun bu Tokio (1958) va Xirosimadan (1994) keyin uçinçi Osiyo öyinlaridir. Mamlakat uni oxirgi marta qabul qilganiga 32 yil böldi.
Oçiliş marosimi
Marosim Mizuho Park (Paloma Mizuho) stadionida bölib ötdi va taxminan ikki soat davom etdi. Reuters agentligining yozişiça, dastlabki daqiqalar vazmin keçgan, keyin esa şou yoruğlik, musiqa va raqs bayramiga aylandi. Beş yil oldin Tokio Olimpiadasi pandemiya tufayli böş tribunalarda ötkazilgan bölsa, endi stadion tomoşabinlar bilan töldi.
Öyinlarni imperator Naruxito oçiq deb eʼlon qildi. U XOQ prezidenti Kirsti Koventri bilan birga 45 ta mamlakat va mintaqa paradini tomoşa qildi.

Tomoşa mavzusi «Heartbeat» («Yurak urişi») deb nomlandi. Qizil va oq kostyum kiygan artistlar «Welcome» (Xuş kelibsiz) sözini hosil qilişdi, skripkaçi Taro Xakase esa jonli ijro etdi.

Kulminatsion nuqta maşʼalani yoqiş böldi: uning oldiga zinapoyadan Osiyo öyinlarining beş karra ğolibi, sobiq bosqon uloqtiruvçi Sigenobu Murofusi va uning öğli, 2004-yilgi Olimpiya çempioni Koji kötarildi. Bungaça olov estafetasi Aiçi prefekturasining 40 ta munitsipaliteti va Nagoyaning 16 ta tumanidan ötgan edi.

Osiyo öyinlariga tayyorgarlik qiyin ötdi
Tayyorgarlik tanqidlarsiz ötmadi. Alohida olimpiya qişloği örniga sportçilar mehmonxonalarga, vaqtinçalik yoğoç konteynerlarga va körfazdagi kruiz kemasiga joylaştirildi. Taşkilotçilar buni tejamkorlik bilan izohladi. Delegatsiyalar, jumladan, Yaponiya delegatsiyasi ham çalkaşliklar va ikki marta bron qiliş holatlaridan şikoyat qildi. Janubiy Koreya terma jamoasi Garden Pier portidagi konteynerlarni basketbolçilar uçun juda tor deb atadi. Alohida noxuşlik 8-sentabr kuni sodir böldi: rekord darajadagi jala şaharning bir qismini suv ostida qoldirdi va bir neça yuz sportçi vaqtinçalik binolardan evakuatsiya qilindi. Maʼlumotlarga köra, jiddiy talofatlar bölmagan.














