Kun.uz saytida joriy yilning 22 iyul kuni «Navoiylik hunarmand: Viloyatdagi byurokratik to‘siqlardan to‘ydim» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.
Maqolada navoiylik hunarmand Jahongir Irgashevning faoliyatida duch kelayotgan muammolari yoritilgan edi.
«Tol novdalaridan buyum yasash bilan shug‘ullanaman. 25-maktab internatida imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchilarga ham o‘z hunarimni o‘rgatib kelmoqdaman. Ammo xomashyo doim muammo bo‘lgani uchun yer olib «Amerika toli»ni o‘zim yetishtirishni maqsad qildim. Juda ko‘p ovoragarchiliklar bo‘ldi. Tashabbusimni hech kim qo‘llab-quvvatlamadi. Ancha sarson bo‘lganimdan keyin Karmana tumanidagi Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududdan ijara asosida uch gektar yer ajratishdi. Zarafshon daryosi qirg‘og‘iga yaqin hududdan. Shu yerni olishga majbur bo‘ldim. Keyin mablag‘ masalasidan ham ancha qiynaldim. Bankdan mablag‘ ajratilishi ham oson bo‘lmadi. Daryo bo‘yida «Amerika toli»ni ekdim. Ammo muammolar juda ko‘p. Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan tuzgan shartnomamiz ham mukammal emas. Pudratchining manfaatlariga ko‘p tomonlama zid. Bularning hammasi hunarmand uchun byurokratik to‘siqlar. Shu tufayli hozir faoliyatim ham boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Hunarmandni viloyatda hech kim qo‘llab-quvvatlamaydi», – deya o‘z e'tirozlarini bayon etgandi biz bilan suhbatda J.Irgashev.


Hunarmandning murojaatini o‘rganish davomida tegishli tashkilotlar mutasaddilari hunarmandga amaliy yordam berishga va'da berishgandi.
Ushbu tanqidiy maqolada keltirilgan vajlar yuzasidan olib borilgan chora-tadbirlar haqida Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi va Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan ma'lumot taqdim etildi.
«Navoiy davlat O‘rmon xo‘jaligi joriy yilning 22 iyul kuni Kun.uz saytida e'lon qilingan «Navoiylik hunarmand: «Viloyatdagi byurokratik to‘siqlardan to‘ydim» sarlavhasi ostidagi maqola bilan tanishib chiqdi.
Maqolada ko‘rsatilgan muammo va e'tirozlarni o‘rganib chiqish maqsadida Navoiy viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi hamda Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Shu kunning o‘zida ishchi guruh murojaatnomada ko‘rsatilgan yer maydoniga borib hunarmand J.Irgashev faoliyati va u bilan bog‘liq muammolarini o‘rganib chiqdi.








