Jamiyat | 13:07 / 04.08.2019
20143
2 daqiqa o‘qiladi

Haj-2019: O‘zbekistonlik hojilar uchun qanday sharoitlar qilindi?

Foto: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Matbuot xizmati

Kecha, 3 avgust kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, “Haj-2019” ishchi guruhi rahbari J.Akramov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov Arafot maydoni, Mino vodiysi va Muzdalifadagi tayyorgarlik jarayonini ko‘zdan kechirishdi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Dastlab, Arafot maydonida o‘zbekistonlik hojilar uchun ajratilgan xayma(chodir)lar ko‘zdan kechirilib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.

E'tiborli jihati, o‘tgan yillardagidan farqli ravishda, bu yil o‘zbekistonlik hojilar qo‘nim topadigan Arafot maydonidagi xaymalarni salqinlashtirish maqsadida hamkor shirkat tomonidan jami 175 dona yangi, zamonaviy konditsioner o‘rnatilmoqda.

Shuningdek, mas'ullar Mino vodiysida ham bo‘lishdi. Avvallari oshxona va tahoratxonalar soni bitta bo‘lgan bo‘lsa, bu yil ularning soni ikkitaga ko‘paytirilib, jami uchtani tashkil etadi, ayollar va erkaklar uchun alohida tibbiyot xonalari xizmat ko‘rsatadi.

“Mas'ullar shom qorong‘usida, Muzdalifa maydonida o‘zbekistonlik hojilar uchun ajratilgan maxsus joyni ham aylanib chiqishdi. Bu yilgi hojilarimiz uchun mazkur kenglikda ham yangi qulayliklar muhayyo qilinganini ko‘rish mumkin. Jumladan, bu yil bahavo, keng, tekis joy ajratilgani, albatta, Arafot maydonidan qaytgan hojilarimizga orom maskani o‘laroq, xizmat qilishi haqiqat.

O‘z navbatida, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, “Haj-2019” ishchi guruhi rahbari J.Akramov hamkor shirkat mas'ullariga joylardagi shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, hojilarimizga yuqori darajada xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha mas'ullarga muhim taklif va tavsiyalarni berdi”, - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid