Yaqinda tahririyatimizga Xorazm viloyati Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Murojaat namunali uylarda yashovchi fuqarolar e'tirozi va tuman markazida amalga oshirilishi rejalashtirilgan «snos» masalalari bo‘yicha edi.

Tumandagi «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi bir guruh fuqarolarning aytishicha, ular namunali uylarga 2017 yilning oktabr oyida ko‘chib kelishni boshlashgan. O‘sha vaqtda farzandlari uchun bolalar maydonchasi qurilishi ham belgilangan. Shundan buyon tuman hokimligi va bir nechta tashkilotga bu haqda murojaat qilishgan.

«Har safar majlisda dardimizni aytsak yozib olishadi. Lekin bundan foyda yo‘q. Nolimaymiz, uylarimiz, yashash sharoitimiz yaxshi. Ammo farzandlarimiz beton yotqizilgan ko‘chada o‘ynashmoqda. Yiqilib qattiq jarohat olishmoqda. Yaqinda birining qo‘li sindi, boshqasining oyog‘i jarohatlandi.

Yana ko‘chamizning bir necha o‘n metrdagi yo‘liga shag‘al tashlangan, biroq ish oxirigacha yetkazilmagan. Asfalt qoplanmagan. Shunday qolib ketdi. Kamiga biz yashaydigan hududda na mahalla guzari, na sartaroshxona va na boshqa aholi uchun zarur bo‘lgan maskanlar bor. Hokimiyatga borsangiz muammolar hal bo‘lmaydi», - dedi mahalla oqsoqoli fuqarolar nomidan.

Bundan tashqari, ismini oshkor qilmaslikni so‘rab tuman markazida yashovchi bir necha fuqaro tuman markazida rejalashtirilayotgan «snos» va ta'mirga muhtoj bozor masalasida hokimlikdan izoh olib berishni so‘rashdi.

Yuqoridagilarga tushuntirish olish maqsadida tuman hokimi Omanboy Jumanazarov bilan bog‘landik.

«Mahallangizda bolalar maydonchasini quraman degan tadbirkor bormi? Agar shunday tadbirkor bo‘lsa, yer ajratib berardik, masala tez hal bo‘lib o‘yingoh qurar edi.

Mahallangizda yo‘llar tuzatilgan, gaz bor, suv bor, elektr bor. To‘g‘rimi? Yo‘llaringiz betonlashtirilgan, asfaltlangan. Shahardan kam joyi yo‘q. Bitta muammo shumi? Uni ham qilib beramiz», deydi tuman hokimi.