«Rostov» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiya chempionati yangi mavsumining asosiy kashfiyoti bo‘lib turibdi. 24 yoshli futbolchi Premer-Liga doirasida 8 marta maydonga tushib, 7ta gol urgan va to‘purarlar ro‘yxatida karvonboshilik qilmoqda. Uning jamoasi esa «Krasnodar» va «Zenit» bilan birga peshqadamlar safida bormoqda. Qayd etish joizki, hali o‘zbekistonlik futbolchilardan hech kim Rossiya chempionati to‘purarlari ro‘yxatida birinchi bo‘lmagan edi.

Futbol statistikasiga ixtisoslashgan Whoscored portali ma'lumotiga ko‘ra, Shomurodov dastlabki 8 turning eng yaxshi uch nafar futbolchisidan biridir. Eldor jamoadoshi, himoyachi Dmitriy Chistyakov va «Spartak» himoyachisi Samuel Jigo bilan birgalikda reytingda eng yuqori - 7,7 ball to‘plagan. Bir necha marta turning ramziy terma jamoasiga kiritilgan.

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan Eldor Shomurodov uchun O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyati ham muvaffaqiyatli kechmoqda. 2019 yilda Eldor 8 marta maydonga tushib, 7ta gol urdi. Vaholanki, bundan oldingi 28ta o‘yinida 6ta gol urgan edi. Umumiy hisobda u 36ta o‘yinda raqiblar darvozasini 13 marta ishg‘ol etgan.

Shubha qilmasak ham bo‘ladi, Shomurodovning 2019 yilgi yutuqlari Yevropa klublarining skautlari nazaridan chetda qolmagan. Ular allaqachon Eldorni yon daftarchalariga yozib, «kuzatuv ro‘yxatiga» qo‘shib qo‘yishgan bo‘lsa ajab emas. Bunday vaziyatda bolalaydigan mish-mishlar esa uni TsSKA, «Galatasaroy», «Shalke» va «Manchester Yunayted» klublari qiziqish doirasiga kiritib qo‘ydi. Ammo «qiziqish bildirish» bu hali transfer amalga oshadi degani emas. Har yili top-klublarning skautlari minglab futbolchilarni kuzatib borishadi. Yakunda ularning sanoqlisi eng yaxshi klublarga ishga joylashadi. Eldor bu darajaga yetishi uchun hali ko‘p mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Albatta Shomurodovning yutuqlarini o‘zbek futbol muxlislari va mutaxassislari ham mamnuniyat bilan kuzatib borishmoqda. Maksim Shatskix porlagan davrlardan keyin futbolimizda ilk marotaba nafaqat milliy jamoada, balki Yevropa maydonlarida ham yuqori saviyada to‘p tepayotgan golurar futbolchi paydo bo‘ldi. JCh-2022 saralash o‘yinlari arafasida bu quvonarli hol va muxlislarda yaxshi umidni uyg‘otmoqda.

2014 yili o‘zbek futbolidagi eng yaxshi hujumchilardan biri Maksim Shatskix milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagach, «oq bo‘rilar»da barqaror golurar futbolchining o‘tkir tanqisligi yuzaga keldi. Maksim Kiyevning «Dinamo» klubidagi o‘yinlari bilan tanilgan, Yevropada nom qozongan, O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar (34ta gol), Ukraina chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar (124ta gol), yevrokuboklarda «Nyukasl» (Angliya), «Fenerbaxche» (Turkiya), «Real» (Madrid, Ispaniya), «Bayyer» (Leverkuzen, Germaniya), PSV (Niderlandiya), «Anderlext» (Belgiya), «Yuventus» (Italiya) va «Arsenal» (London, Angliya) klublari darvozasini ishg‘ol etgan noyob iste'dod sohibi edi.