Bugun 2019 yilning 4 sentabr kuni Mini-futbol bo‘yicha IV Xalqaro Xayriya turniri musobaqalariga rasman start berildi. Xayriya turnirining ochilish marosimi soat 9:30 da Toshkent shahridagi «O‘zbekiston» sport majmuasida bo‘lib o‘tdi.

Mini-futbol bo‘yicha xalqaro xayriya turnirlarini o‘tkazish yaxshi an'anaga aylangan bo‘lib, ular «GROSS INSURANCE» sug‘urta kompaniyasining tashabbusi bilan milliy sug‘urta kompaniyalari va xalqaro sheriklarni bunday turnirda ishtirok etishga taklif qilgan holda 2016 yildan beri ketma-ket to‘rt yil davomida muntazam o‘tkazib kelinmoqda.U har yili yangi va yangi mahalliy hamda xalqaro sheriklarni, madaniyat namoyandalarini, sport hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillarini sport tadbirlarida keng ishtirok etishga jalb qilmoqda.

Shuni ta'kidlash joizki, ushbu yili Mini-futbol bo‘yicha IV Xalqaro Xayriya turniri«MEHRLI QO‘LLAR» Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ko‘magida bo‘lib o‘tmoqda.

Turnirning maqsadi imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalarga g‘amxo‘rlik qilish hamda xayriya yordamini ko‘rsatishda baholi qudrat moddiy hissa qo‘shish, kompaniyalarning ijtimoiy mas'uliyatini namoyon qilishda, futbolni rivojlantirish va ommalashtirishda hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda munosib hissa qo‘shishdan iborat.

«GROSS INSURANCE» sug‘urta kompaniyasi uchun xayriya – bu korporativ ijtimoiy mas'uliyatni amalga oshirishning tabiiy shakli bo‘lib, qolaversa u o‘ziga xos faxrli ehtiyojga ham aylanib ulgurgan. Ayrim insonlarning ham, butun boshli ijtimoiy guruhlarning ham muammolariga diqqat-eʼtiborni jalb etish, bu borada mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish ularga nafaqat amaliy yordam ko‘rsatishga, balki mehr va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan insonlar taqdiriga loqayd bo‘lmaslikka va daxldorlik hissini tarbiyalashga imkon beradi.