Boks bo‘yicha jahon chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni olgan O‘zbekiston terma jamoasining sovrindor bokschilariga «Chevrolet Tracker», «Chevrolet Gentra» va «Chevrolet Nexia» avtomobillari sovg‘a qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Taqdirlash marosimi bugun, 30 sentabr kuni Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida bo‘lib o‘tdi. Unda sovrindor bokschilarga avtomobillar, terma jamoaning boshqa a'zolari, murabbiylari va O‘zbekiston boks federatsiyasi xodimlariga pul mukofotlari sertifikatlari topshirildi.
Taqdirlanganlar mukofotlarni Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi Ochilboy Ramatovdan qabul qilib olishdi.




«Oldimizda hali juda ko‘p masalalar turibdi. Vazifaning 30 foizini bajardik, desak ham bo‘ladi. Yana 30 foiz ish bajarish uchun litsenziya olish kerak. So‘ng olimpiadada qatnashib, oltin medallarni olib kelishingiz lozim», – dedi tadbir avvalida so‘z olgan Ramatov.

























