DW xabariga koʻra, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bu haqda 1-oktabr kuni Quyi Saksoniya federal yeridagi Bergen harbiy poligoniga tashrifi chogʻida maʼlum qilgan.

«2027-yil davomida Bundesverning birinchi dronlar polkini tuzamiz», - degan vazir.

Uning taʼkidlashicha, Germaniya armiyasi jang maydonidagi voqealarni kuzatib, tegishli xulosalar chiqarmoqda.

«Quruqlikda muvaffaqiyatga erishishni istagan tomon uchuvchisiz tizimlarni jangovar qoʻllashni oʻzlashtirishi kerak», - degan Pistorius.

Vazir barcha ishlanmalarda Ukraina tajribasi hisobga olinishini qoʻshimcha qilgan.

Dron tizimlari 500 kilometrgacha masofada qoʻllanadi

Yangi polk juda qisqa masofalardan tortib, 500 kilometrgacha boʻlgan masofalarda uchuvchisiz tizimlardan foydalanadi.

Boʻlinma razvedka olib borish, nishonlarni yoʻq qilish va dushmanning uchuvchisiz apparatlarini tutib qolish vazifalarini bajaradi. Uning tarkibida alohida radioelektron kurash rotasi ham boʻladi.

Quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni, general-leytenant Kristian Froydingning maʼlum qilishicha, dastlab polkda 300 nafar harbiy xizmat qiladi. Keyinchalik shtat sonini 600 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Polk qayerda joylashtirilishi hozircha belgilanmagan.

Harbiylar va muhandislar texnologiyalarni birga sinamoqda

Pistorius bayonotini Bundesver sanoat korxonalari bilan hamkorlikda yangi texnologiyalarni bevosita dala sharoitida sinovdan oʻtkazayotgan tadbirda bergan.

Vazir bu jarayonni «daladagi laboratoriya» deb atagan. Uning fikricha, bunday yondashuv yangi yechimlarni tezroq ishlab chiqish imkonini beradi.

Pistorius armiya tayyor mahsulot yetkazib berilishini kutish bilan cheklanmay, mavjud texnologiyalarni oʻzi sinayotganini taʼkidlagan.

Uning soʻzlariga koʻra, alohida qurol tizimlarining samaradorligi koʻp jihatdan ularning umumiy tarmoqqa qanday birlashtirilishiga bogʻliq. Shu sababli harbiy xizmatchilar muhandislar va ishlab chiquvchilar bilan bevosita birga ishlashi kerak.