Chorshanba oqshomida bo‘lib o‘tadigan o‘yin arafasida «Barselona» va «Real» bir xilda ochko jamg‘arib turibdi. Quyida Ispaniya chempionatining birinchi qismida kim ustun kelishini belgilab beradigan muhim o‘yin haqidagi mulohazalar keltiriladi.

Ispaniya chempionati. 10-turning qoldirilgan o‘yini
Barselona — Real
18 dekabr. Barselona. «Kamp Nou» stadioni. 00.00
Hakam: Ernandes-Ernandes.

Kurtua «orzudagi hujum uchligi»ga qarshi

O‘tgan hafta oxiridagi o‘yinlardan kelib chiqqan holda aytadigan bo‘lsak «Real»da kayfiyat yaxshiroq. Bir tomondan ular «Kamp Nou»ga turnir yakkapeshqadami sifatida kelish imkoniyatini qo‘ldan chiqarishdi. Boshqa tomondan, madridliklar Valensiyadagi o‘yin so‘ngida qahramonlik ko‘rsatib o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarning beshinchisida o‘yinni qutqarib qolishdi. Bunda so‘nggi daqiqalarda raqib jarima maydoniga borgan Kurtuaning ulushi katta, u burchak zarbasidan keyin boshi bilan zarba bergach, raqib darvozabonidan qaytgan to‘pni Benzema osonlik bilan darvoza to‘riga joyladi.

Bir yil muqaddam sotib olgan belgiyalik darvozabon bu mavsumga kelib o‘z darajasiga qaytdi va ishonchni oqlay boshladi. La Ligada 13 o‘yindan 7tasida darvozasi daxlsizligini saqlagan Kurtua klub rekordiga yaqinlashayotgandi, ammo «Real Sosedad»ga qarshi o‘yinni ilk daqiqalaridayoq ortga noqulay uzatma bergan Serxio Ramos barchasini chippakka chiqardi. Umuman, «Qirollik klubi» mudofaasi bu mavsumda ishonchli o‘ynamayapti, ammo Kurtua o‘z mahoratini ko‘rsatib, jamoani gollardan saqlab qolmoqda.

«Barselona»ga qarshi safar o‘yinida esa bu dolzarb ahamiyat kasb etadi. Raqib San-Sebastyandagi durang bilan yakunlangan o‘yindan keyin alamzada holatda, katalonlar so‘nggi o‘n yillikda eng ko‘p marta shu stadionda ochko yo‘qotgan. 2:2 — qoniqarsiz natija bo‘lsa-da, jamoa hujumida ahvol yomon emas. Jamoaga moslashishda davom etayotgan Grizmann qatorasiga ikkinchi turda gol urdi, Suares bir gol urib, bir golga hammuallif bo‘ldi, Messi golli pas bilan cheklandi. Bu trio har qanday o‘yinga tayyor.

Kurtua supermen rejimini yoqishi talab etiladi. «Barsa» hujumida Dembelening jarohati tufayli yuzaga kelgan bo‘shliq Chempionlar ligasida omadli debyut qilgan Karles Peres va 17 yoshli vunderkind Fati orqali yopilishi mumkin. Lekin ular katta o‘yinlar taqdirini hal qilishga qanchalik tayyor?