Bugun, 24 dekabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida «Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda innovatsion g‘oyalarni va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash» mavzusida o‘tkazilgan brifingda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov so‘z oldi. U o‘z nutqida innovatsiyalarni tijoratlashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, startaplarning ahamiyati haqida aytib o‘tdi. 

«Ilm-fanni tijoratlashtirishda qachonki tadqiqot natijalari mablag‘ga aylansa, shunda innovatsiya bo‘ladi. Buning uchun esa ekotizim shakllanishi kerak bo‘ladi. Hech qachon majburlab innovatsiyalarni tijoratlashtirib bo‘lmaydi», — deya ta'kidladi Ibrohim Abdurahmonov. 

Shundan so‘ng u ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda vazirlik o‘z oldiga qo‘ygan vazifalar va maqsadlar haqida to‘xtaldi.

«Innovatsiyalarni tijoratlashtirish uchun birinchi o‘rinda rag‘bat kerak. Agar undan manfaatdorlik bo‘lmasa, bu innovatsiyalar dissertatsiya yoki maqolalar holida qolib ketadi. Ya'ni ishlanmaning egasi undan manfaatdor bo‘lishi kerak. 

Ikkinchidan, bizning asosiy yo‘nalishimiz va maqsadimiz innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish. O‘rta bo‘g‘in sifatida innovatsion tadbirkorlar paydo bo‘lishi zarur. Startapchi tadbirkorlar ilmiy hajmdor ishlanmalarning iqtisodiy hisoblarini qilib, kichik ishlab chiqarishlarni tashkil qilgandan keyin buni yirik korxonalarga sotib yuborishimiz mumkin bo‘ladi. Yo‘qsa, katta-katta korxonalar, buni to‘g‘ri tushunish kerak, yangi innovatsiyani o‘zlarining ishlab chiqarayotgan hozirgi tizimiga kiritishi qiyin.

Bu mexanizm butun dunyoda bor va biz ham yo‘lga qo‘ya olsak, maqsadga erishilgan bo‘ladi», — deb qo‘shimcha qildi Ibrohim Abdurahmonov.

Vazir sohadagi muammolar xususida ham to‘xtalib o‘tdi. 

«Muammolar juda ham bisyor. Olimlarning yangilik sifatida yaxshi ishlanmalari mavjud. Lekin bular oxiriga yetmagan, ya'ni hali sertifikati yo‘q, standartiga qo‘yilmagan va ishlab chiqarish tashkil qilmagan ishlanmalar deb aytish mumkin. 

Ikkinchidan, olimlarimiz uni patentlab o‘zlari ishlab chiqarishga harakat bor, ammo biz bunga qarshimiz. Ular ilm bilan mashg‘ul bo‘lishi va biz ikkinchi bir ko‘chani, ya'ni tadbirkorlar doim xaridor bo‘lishi kerak olimlarning ishlanmalariga», — deydi Innovatsion rivojlanish vaziri.