Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani «Gulobod» mahallasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 mart kungi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi PF–5386-sonli farmoniga ko‘ra obodonlashtirish ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Lekin 1950-yillarda asos solingan qishloqda «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar o‘lda-jo‘lda va sifatsiz bajarib ketilgani mahalla ahlining hafsalasini pir qildi.

Masalan, mahalla markaziy ko‘chasiga yotqizilgan sifatsiz asfaltda bir yilga bormasdan chuqurlar paydo bo‘ldi va yog‘inli kunlarda ko‘lmaklar hosil bo‘lmoqda.

Dastur doirasida ariqlar tartibga keltirilmadi. Simyog‘ochlarni almashtirish uchun beton ustunlar keltirildi, lekin ular ko‘chaning yarmini band qilib yotibdi, xolos.

Mahalla ahlini qiynayotgan eng katta muammo — elektr energiyasi to‘xtovsiz o‘chaverib, barchani bezor qilayotganidir.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi oqsoqollardan biri Qurbonboy Xo‘janazarovning so‘zlariga ko‘ra, 1954 yildan buyog‘iga hozirgacha birorta simyog‘och almashtirilmagan.

«Bir sutkada 24 soat bo‘lsa, shundan 4-5 soat svet bersa, qolgan vaqt o‘chadi», — deydi oqsoqol.

Mahalladagi boshqa oqsoqollar ham chiroqsiz dunyodan uzilib qolishayotganini bildirishdi.

«Svet o‘chgani tufayli televizorda yangiliklardan bexabar qolmoqdamiz», — deydi Ramazon Hojiyev.

«Prezidentning Parlamentga murojaatnomasini, 4 soatlik nutqini biz odamlarning og‘zidan eshityapmiz. Shu murojaatnomaning hattoki 10 daqiqasini ham ko‘ra olganimiz yo‘q. Xitoyda koronavirus tarqabdi, degan xabarni televizorda endi tomosha qilayotgan edik, svet ketdi, oxirigacha eshitolmay ham qoldik», — deydi Qurbonboy Xo‘janazarov.