O‘zbekiston | 10:32 / 27.02.2020
14341
2 daqiqa o‘qiladi

“International Job Organization xususiy bandlik agentligi”ning Xorazm va Andijon filiallaridagi firibgarliklar fosh etildi

 Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urganch shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Foto: International Job Organization

 Tekshiruvda “International Job Organization xususiy bandlik agentligi” MChJning Xorazm viloyati filiali direktori G‘.X. bir necha fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Germaniya va Polsha davlatlariga ishga yuborish vaji bilan jami 193,2 mln so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.

 Shuningdek, Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

 Unda fuqaro E.T. fuqaro X.A.ni Polsha davlatiga ishga yuborish evaziga, 600 AQSh dollarini “International Job Organization xususiy bandlik agentligi” MChJning Andijon viloyati filiali binosida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

 Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, “International Job Organization xususiy bandlik agentligi” MChJning Andijon viloyati filiali menejyeri E.T. va boshqalar, fuqarolarni 45 kun muddat ichida chet elga ishga jo‘natishga ishontirib, 2019 yilda 5 nafar fuqaroning 33,1 mln so‘m naqd pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

 Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 Eslatib o‘tamiz, avvalroq Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan “INTERNATIONAL JOB ORGANIZATION xususiy bandlik agentligi” MChJ rahbari Sh.A. va boshqalar Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotganligi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid