Suhbatda Mirxoldirshoyevning futbolchilik faoliyati, xotiralari, o‘zbek futbolidagi muammolar, jumladan, hujumchilar yetishmovchiligi haqida so‘z boradi.

– Futbolga qanday kirib kelgansiz?

– Futbolga kirib kelishim mahalladan boshlangan. 6 yoshimda esa otam birinchi murabbiyim Shukrullo Abdullayevga olib bordilar. Keyinchalik «Navbahor-3»da Usmon Asqaraliyev, Oleg Xaliulin, Anvar O‘rinov kabi murabbiylar qo‘l ostida o‘ynadim. Asosiy tarkibga esa Viktor Jalilov jalb etgan.

– Qaysi futbolchilarning o‘yinlari sizga motivatsiya bera olgan? Hujumchi bo‘lishingizga turtki bergan?

– Maradona, braziliyalik Ronaldo va Shevchenkoning o‘yinlarini qiziqish bilan ko‘rardim.

O‘zbekiston chempionatida ham yuqori mahoratli futbolchilar o‘ynardi. Yoshligimda otam «Navbahor»ning o‘yinlariga olib tushardilar, Farhod Magomedov, Oleg Shatskix, Rustam Do‘rmonov kabi o‘yinchilarning harakatlarini kuzatardim.

Avvallari «Navbahor» o‘yinlaridan oldin stadionda yosh bolalar futbol o‘ynashardi. Muxlislar qarshisida o‘zimizni ko‘rsatishga harakat qilardik. O‘yin boshlangach esa bolboy vazifasini bajarardik.

– Yoshligingizda poyabzal sotish bilan shug‘ullanganingiz rostmi?

– Yo‘q, poyabzal sotmaganman. Akamga non sotishga yordamlashardim. Kun davomida 4ta narsaga ulgurardim: dars, akamga yordamlashish, futbol va karate.

Shu paytlarda otam olib bergan sport oyoq kiyimini 3-4 yil avaylab kiyardim. Sharoitlar borasida hozirgi yoshlarga havas qilsa arziydi.

– Lekin sharoitlar yaxshilangani bilan natijalar o‘zgarmayapti-ku?

– O‘zim ham shunga hayronman. Natijalar ko‘rinmayapti. Futbolchilar, xususan, hujumchilar kamayib ketayotgandek. Bizning davrimizda milliy jamoaga nomzod 10-12ta hujumchi bo‘lardi, har bir klubda 2-3ta yuqori saviyali hujumchilar bor edi. Murabbiylar qaysi hujumchini maydonga tushirishni bilmay boshi qotardi.