Xubey provinsiyasi yanvarda koronavirus tarqalishi o‘chog‘iga aylangandi. Bugungi kunda Xitoy kasallanganlar soni bo‘yicha yuqori uchlikka kirmaydi, mamlakatda virus tarqalishi tezligi sezilarli darajada pasaydi.

Mart oxirida hukumat epidemiya to‘xtaganini e'lon qildi va karantin choralarini yumshatishga o‘tdi. Xitoyda karantinga rioya qilinishi maxsus ilovalar va videokuzatuv moslamalari yordamida nazorat qilindi.

Ilovalar va chatlar

Alipay Health Code ilovasi Alibaba kompaniyasining sho‘'ba kompaniyasi bo‘lgan Ant Financial kompaniyasi tomonidan hukumat qo‘llab-quvvatlovi ostida ishlab chiqildi. Ilova 11 fevralda Xanchjouda ishlay boshladi, hozirda 200ta shaharda ishlamoqda.

Tizimda ro‘yxatdan o‘tgan har bir kishiga uning salomatligi holatini ko‘rsatuvchi yashil, sariq yoki qizil rangli kod beriladi. Yashil kod egasi erkin harakatlanishi mumkin. Sariq rangli kod egalaridan bir hafta uydan chiqmaslik so‘raladi, qizil kod esa ikki haftalik karantinni o‘tash shartligini bildiradi. Foydalanuvchi qarindoshlari to‘g‘risidagi hamda o‘zining mamlakat ichida yoki tashqarisida bo‘lganligi haqida ma'lumotlar kiritiladigan maxsus anketani to‘ldirgach, dastur uchta rangdan birida QR-kod beradi. Tizim shuningdek, aviabiletlar, poyezd va avtobus biletlarini bronlash to‘g‘risidagi ma'lumotlardan avtomatik ravishda foydalanadi.

 Ilova ishga tushgach, aksariyat foydalanuvchilar kod tushunarsiz sabablarga ko‘ra kun davomida o‘z rangini o‘zgartirishidan shikoyat qila boshlashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklar kuchaygach, provinsiya hukumati dasturda nosozliklar mavjudligini tan oldi.

New York Times dastur kodini tahlil qildi va ilova foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni politsiyaga taqdim etishini aniqladi.

Ilovadan tashqari, WeChat va Weibo kabi ijtimoiy tarmoqlarda odamlarga bemorlar haqida xabar berish imkonini beruvchi qaynoq liniyalar faoliyat ko‘rsatadi. Ayrim shaharlarda mahalliy hokimiyat kasallikka chalinganlar to‘g‘risida xabar berganlarga mukofot taklif qildi. Yana bir ilova — Close Contact Detector foydalanuvchiga kasallik yuqtirganlar bilan muloqot qilgan-qilmaganligini aniqlash hamda o‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish imkonini beradi. Ilovada shuningdek, bemorlar yashayotgan uylarni ko‘rsatuvchi xarita ham bor.