Amerikalik olimlar HEPA-filtrli havo tozalagiçlardan 30 kun foydalaniş 40 yoş va undan katta odamlarda miyaning ijro funksiyalari va aqliy moslaşuvçanlik bilan boğliq vazifalarni bajariş tezligini oşirganini aniqladi. Tadqiqotda havo tozalagiç işlaganda xonadagi mayda zarraçalar konsentratsiyasi örtaça 5,2 dan 2,5 mikrogramm/kub metrga tuşgan.

Havodagi mayda zarraçalar miqdorini kamaytiriş nafaqat yurak-qon tomir tizimi, balki insonning ayrim kognitiv qobiliyatlariga ham ijobiy taʼsir körsatişi mumkin. Amerikalik olimlar ötkazgan tajriba HEPA-filtrli oddiy havo tozalagiçdan bir oy foydalaniş 40 yoş va undan katta iştirokçilarning ayrim aqliy vazifalarni bajariş tezligini sezilarli oşirganini körsatdi.

Inson nafas oliş tizimi 10 mikrometrdan katta zarraçalarni nisbatan yaxşi uşlab qoladi. Diametri 2,5–10 mikrometr bölgan zarraçalarni tozalaş imkoniyati esa ança past. PM2.5 deb ataladigan, diametri 2,5 mikrometr va undan kiçik zarraçalar esa öpka orqali qon oqimiga ötişi mumkin.

Manbada qayd etilişiça, bunday zarraçalar trombotsitlarning haddan taşqari faollaşuviga olib kelişi, natijada qon aylanişi qiyinlaşişi, qon bosimi va tromb hosil böliş xavfi ortişi mumkin. Mayda zarraçalar taʼsiri infarkt va insult xavfining oşişi bilan ham boğlanadi.

Olimlarni esa bu safar havodagi mikrozarraçalarning insonning kognitiv funksiyalariga - yaʼni fikrlaş, rejalaştiriş va özgaruvçan şaroitda harakatlarni boşqariş qobiliyatiga taʼsiri qiziqtirgan.

Tadqiqot iştirokçilari avtomobil yöllaridan 200 metrgaça masofada yaşaydigan odamlar orasidan tanlangan. Bundan maqsad havoni tozalaşning taʼsirini aniqroq kuzatiş bölgan, çunki yöllardan uzoqda yaşaydigan odamlar nafas oladigan havoda mayda zarraçalar konsentratsiyasi odatda pastroq böladi.

Testlar sentabrdan aprelgaça ötkazilgan. Yurak-qon tomir kasalliklariga ega odamlar va veyp işlatuvçilar tadqiqotga kiritilmagan.

Iştirokçilar ikki guruhga ajratilgan. Asosiy guruh xonadonlariga haqiqiy HEPA-filtrli havo tozalagiçlar, nazorat guruhiga esa taşqi körinişidan şunday qurilmalarga öxşaydigan, ammo havoni amalda tozalamaydigan qurilmalar örnatilgan.

Havo tozalagiçlar faqat yaşaş xonalarida işlagan. Qurilmalarning haqiqatan işlagan yoki işlamagani iştirokçilarning sözlariga emas, maxsus elektron qayd etuvçi uskunalar maʼlumotlariga asosan nazorat qilingan.