Jahon | 09:00 / 03.05.2020
17070
4 daqiqa o‘qiladi

Ismi uzun chaqaloq. Boris Jonson o‘g‘lining ismini o‘zini qutqargan shifokorlarga atab qo‘ydi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson va qallig‘i Kerri Saymonds yangi tug‘ilgan farzandiga ism tanlashdi. Juftlik chaqaloqqa Uilfrid Lori Nikolas deb ism qo‘yishdi. Ha, ismning o‘zi uchta so‘zdan iborat. Uning familiyasi esa tabiiyki Jonson bo‘ladi.

Foto: AFP

Jonsonning qallig‘i Kerri instagramdagi sahifasida chaqaloqqa nega bunday ism tanlanganini aytdi. Unga ko‘ra, bosh vazirning o‘g‘liga ikki buvasi va Boris Jonsonni davolagan shifokorlar sharafiga shunday ism qo‘yilgan.

32 yoshli Kerri Saymonds uchun bu birinchi farzand bo‘ldi. Boris Jonson esa oltinchi marta ota bo‘ldi. Saymonds xonim instagramdagi sahifasida chaqalog‘i tug‘ilgan kasalxonadagilarga rahmat aytgan. «Hech qachon bu qadar xursand bo‘lmagandim. Xursandchilik yuragimni egallab olgan», deb yozgan bosh vazirning qallig‘i.

Chaqaloq 29 aprel kuni, ya'ni Jonson kasalxonadan chiqqanidan ikki hafta o‘tib tug‘ilgandi.

Kerri Saymonds Londondagi Universitet qoshidagi shifoxonada tug‘di / Instagram / CARRIE SYMONDS

Boris Jonson Kerri Saymonds bilan rasman er-xotin emas. Saymonds xonim Boris Jonsonga farzand tug‘ib bergan uchinchi ayoldir. Jonson birinchi xotini Allegri Mostin-Ouen bilan olti yil yashagan, lekin ular farzand ko‘rishmagan.

Bosh vazirning ikkinchi xotini Marina Uiler esa unga ikki o‘g‘il, ikki qiz tug‘ib bergan. 2009 yil Jonson Helen Makintayrdan nikohsiz farzand ko‘radi. Kerri Saymonds ham hozircha Boris Jonson bilan nikohda emas.

Chaqaloqning ismidagi Uilfrid Boris Jonsonning bobosi sharafiga, Lori esa Kerri Saymondsning bobosi sharafiga qo‘yilgan. Boris Jonsonning bobosi tug‘ilgan vaqtida uni Usmon Uilfrid Kamol deb atashgan. Birinchi jahon urushi vaqtida esa u turkcha ismini Uilfrid Jonson deb o‘zgartirgan. Bu haqda Boris Jonson 2008 yil VVS efirida aytgandi.

Ismi uzun chaqaloq nomidagi Nikolas ismi kimga bag‘ishlanganiga kelsak. Boris Jonson koronavirus vaqtida o‘zini davolagan shifokorlar Nik Prays va Nik Hart sharafiga Nikolas ismini o‘g‘lining ismiga qo‘shgan. VVS’ning yozishicha, Jonsonning shifokorlarga ko‘rsatgan bu hurmati uning koronavirus bilan olishayotgan vaqtdagi ahvoli qanchalik jiddiy bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu borada gapirgan Boris Jonson «hammasi yomonroq bo‘lishi mumkinligi»ni aytgandi.

Boris Jonson fevralda qallig‘i bilan farzand kutayotgani haqida aytar ekan chaqaloq tug‘ilishi bilan ikki haftalik o‘ziga xos dekretga chiqishi mumkinligini istisno qilmagandi. Dauning-strit matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, bosh vazir bundan keyin ham ta'tilga chiqishi mumkin.

Boris Jonson Dauning-stritga qaytgan / ANDREW PARSONS/10 DOWNING STREET

Ma'lumot uchun, Boris Jonson Britaniya bosh vazir lavozimida bo‘laturib farzandli bo‘lgan uchinchi siyosatchi hisoblanadi. VVS bergan xabarga ko‘ra, juftlik Dauning-strit ko‘chasi 11-uyda istiqomat qiladi. Bu esa bosh vazir qarorgohining (Dauning-strit 10) yonidagi uy. Shu bois chaqaloq tez-tez OAVda ko‘rinish berishi mumkinligi aytilmoqda. Dunyo yetakchilari Boris Jonsonni oltinchi marta ota bo‘lgani bilan tabriklashdi. Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ham Jonson va qallig‘iga shaxsan tabrik yo‘lladi.

Mavzuga oid