O‘zbekiston | 01:07 / 04.05.2020
8925
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryodagi toshqin jabrlanuvchilarining yo‘qolgan hujjatlari tiklab beriladi

Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv omborida ro‘y bergan avariya sabab evakuatsiya qilingan ko‘plab fuqarolar hozirda zarur hujjatlarsiz qolishgan.

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Davlat xizmatlari agentligidan ma'lum qilishlaricha, agentlik rahbariyati Sirdaryoda bo‘lib, joylarda aholi bilan uchrashmoqda.

DXA Jizzax viloyati boshqarmasi mutaxassislari hujjatlari yo‘qolgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantiryapti.

«Xususan, Jizzax olimpiya zaxiralari maktab-internati yotoqxonasiga joylashtirilgan 239 nafar Oqoltin tumani aholisining 32 nafarida tug‘ilganlik, nikoh qayd etilganlik guvohnomalari, fuqarolik pasporti, kadastr hujjatlari yo‘qolgani aniqlangan.

Ularga Davlat xizmatlari markazlari tomonidan eksterritoriallik tamoyili asosida mazkur hujjatlar qayta rasmiylashtirib beriladi», – deyiladi agentlik xabarida.

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 3 may kuni 1 608 nafar fuqaroning pasport, guvohnoma va boshqa hujjatlari mavjudligi yuzasidan monitoring o‘tkazilgan. Shundan 292 fuqaroning 94 nafarida pasport, 134 nafarida tug‘ilganlik, 64 nafarida nikohni qayd etish guvohnomasi yo‘qligi ma'lum bo‘lgan.

Monitoring ishlari davom etmoqda.

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Qo‘shimcha qilinishicha, Jizzax shahar Davlat xizmatlari markazida insonparvarlik yordami to‘planib, ushbu buyumlarni viloyatning Do‘stlik tumaniga joylashtirilgan 4 070 nafar sirdaryoliklarga yuborish ishlari tashkil etilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid