Trevor Frensis
Ish beruvchi: «Kristal Pelas»
Tug‘ilgan kuniga sovg‘a sifatida shartnomasi bekor qilindi.

Foto: AFP/Getty Images

2003 yilning aprel oyi. Chempionship mavsumi tugashiga 6 o‘yin qolgandi. «Burgutlar» turnir jadvalining o‘rtalarida joylashib olishgan. Ammo boshqaruv raisi Saymon Jordan jamoasi pley-off zonasidan o‘rin olishini istadi. Frensisni iste'foga chiqarish orqali, u futbolchilarga qo‘shimcha turtki bermoqchi bo‘ldi.

«Men Premer Ligaga chiqish o‘tida yonyapman va kafolat beramanki, yangi murabbiy bilan biz bu marraga erishamiz. Trevorga esa, mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusi ishlarida omad tilayman», dedi Jordan.

O‘sha mavsumni «Pelas» 14-o‘rinda yakunladi. Maqsadga erishilmadi. Lekin bu iste'foning Trevor uchun qiziq jihati, aynan tug‘ilgan kunida sodir bo‘lgani edi.  

Jordan o‘sha kunlarni intervyulardan birida eslab ham o‘tdi: «Trevor bu qarorni juda og‘riqli qabul qildi. U shunchaki eshitib o‘tirdi va keyin «bugun mening tug‘ilgan kunim-ku?» dedi. Men nima qilishni bilmay qoldim va qo‘liga R45 (Angliyada ishlovchiga ish tugaganda beriladigan sertifikat) tutqazdim».

Keyingi mavsumda Jordan o‘z orzusiga erishdi va «Kristal Pelas» Premer Ligaga yo‘llanma oldi. Ammo u yerda atigi bir yil qoldi, xolos. Yuqoriga keyingi chiqish ancha yillardan so‘ng, 2012/13 yilgi mavsumda ro‘y berdi. Shundan buyon «burgutlar» APLning barqaror klublaridan biridir.

Leroy Rosenor
Ish beruvchi: «Torki Yunayted»
O‘n daqiqa o‘tib, ishidan ayrildi.

Foto: AFP/Getty Images

2007 yil mayda «Torki Yunayted» rahbari Mayk Beyston Leroy Rosenorni bosh murabbiy sifatida tasdiqladi. Angliya o‘smirlar terma jamoasi sobiq futbolchisi, KPR, «Fulhem» va «Vest Hem» klublari safida o‘ynagan Leroy «Gloster Siti», «Brentford» kabi jamoalarda ishlashga ham ulgurgandi.

Tayinlovdan biroz o‘tib, Beytson klubga tegishli aksiyalarning 51 foiziga taklif oladi va uni qabul qiladi. Natijada u jamoada boshqaruv qarorlarini qabul qilish vakolatini ham boy berdi. Yangi xo‘jayinlarning esa o‘z rejalari bo‘lgan va ular bosh murabbiylikka Pol Baklni olib kelishdi.