Jahon | 14:29 / 18.05.2020
7780
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyaning pandemiya sabablarini o‘rganish to‘g‘risidagi taklifini 110dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatladi

Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison surishtiruv biror-bir mamlakatni ayblash maqsadida o‘tkazilmasligini ta'kidladi.

Foto: REUTERS / Loren Elliott

Avstraliyaning koronavirus tarqalishi sabablarini mustaqil o‘rganish to‘g‘risidagi chaqirig‘ini 110dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Maris Peynga tayanib The Australian nashri xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "jahon kelgusida bunday halokatlarning oldini olishi uchun pandemiya keltirib chiqargan inqiroz holatlari bo‘yicha savollarga javob olishni istaydi". 

"Bizga butun dunyo saboq chiqarishi va jahon sog‘liqni saqlash tizimini himoya qilishda barcha zarur choralarni ko‘rishi uchun mustaqil baholov zarur", - dedi Peyn.

Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison surishtiruv biror-bir mamlakatni ayblash maqsadida o‘tkazilmasligini ta'kidladi.

"Biz shunchaki kelgusida bu qaytarilmasligi uchun nima bo‘lganini bilishni istaymiz", - dedi Morrison.

Kanberraning taklifini dastlab Rossiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Indoneziya, Kanada, Yangi Zelandiya, Yaponiya va YeIga a'zo barcha 27 davlat qo‘llab-quvvatladi. Keyinroq bu taklifga Afrika davlatlari ham qo‘shildi hamda ushbu chaqiriqni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar soni 116taga yetdi. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 4,8 milliondan oshgan, 316 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid