Global Challenges jurnalida eʼlon qilingan tadqiqotda olimlar global miqyosdagi halokatli xavflarning oqibatlariga bagʻishlangan ilmiy adabiyotlarni tahlil qilgan.
Tadqiqotchilar bunday xavflarni uchta asosiy toifaga ajratgan.
Birinchisi - Yer yuzasiga yetib keladigan quyosh nurlari miqdorining keskin kamayishi. Bunday holat kuchli vulqon otilishi, yadroviy qish yoki Yerning yirik asteroid va boshqa osmon jismi bilan toʻqnashishi natijasida yuz berishi mumkin.
Ikkinchisi - global miqyosda infratuzilmaning jiddiy izdan chiqishi. Bunda elektr taʼminoti, transport tizimi va oziq-ovqat ishlab chiqarishdagi keng koʻlamli uzilishlar nazarda tutilgan. Olimlar bunday vaziyat kuchli geomagnit boʻronlari, muvofiqlashtirilgan global kiberhujumlar, pandemiyalar yoki yuqori balandlikdagi elektromagnit impuls taʼsirida yuzaga kelishi mumkinligini qayd etgan.
Uchinchi yoʻnalish - global biologik xavf. Bunga COVID-19 qoʻzgʻatuvchisidan ancha yuqumli va halokatli virus pandemiyasi, xavfli patogenlarning laboratoriyadan tasodifan tarqalishi yoki biologik qurolning qoʻllanishi kabi ssenariylar kiritilgan.
Nega aynan Avstraliya?
Olimlar mamlakatlarning global inqiroz sharoitida hayotiy muhim funksiyalar va aholi farovonligini saqlab qolish imkoniyatlarini ham baholagan.
Bunda toʻrtta asosiy omilga eʼtibor qaratilgan: geografik jihatdan boshqalardan ajralganlik, oʻzini oʻzi taʼminlay olish qobiliyati, boshqaruv sifati va qaror qabul qilish tizimining markazlashmaganligi.
Barcha omillar hisobga olinganda, Avstraliya global falokatlarga nisbatan eng barqaror mamlakat sifatida qayd etilgan.
Tadqiqotning yetakchi muallifi, germaniyalik ekolog Florian Ulrix Yenning tushuntirishicha, Avstraliyaning orolda joylashgani zarurat tugʻilganda tashqi dunyodan izolyatsiyalanishni osonlashtiradi.
Bundan tashqari, mamlakat katta hajmda oziq-ovqat ishlab chiqaradi, yirik ichki sanoat va togʻ-kon sektorlariga ega. Avstraliyaning iqtisodiy imkoniyatlari va nisbatan barqaror boshqaruv tizimi ham uning global inqirozlarga chidamliligini oshiradi.
Biroq Avstraliya ham tashqi dunyodan butunlay mustaqil emas. Mamlakat yonilgʻi, dori-darmon va oʻgʻitlar yetkazib berishda xalqaro savdoga bogʻliq.



