Mezbon jamoa ishtirokidagi guruhlar doim diqqat markazida bo‘ladi. Bunday jamoalar o‘z muxlislari qarshisida ikki karra ishtiyoq bilan harakat qilishadi, bu safargi mundialda esa ilk bor mezbon jamoalar soni uchtani tashkil etadi. Shunday mezbonlardan biri bo‘lgan amerikaliklar D guruhidan o‘rin olishgan. AQSh vakillari guruhdan chiqish uchun Paragvay, Avstraliya va Turkiya kabi jamoalarga qarshi maydonga tushadi.

D guruhi taqvimi

1-tur

13 iyun, soat 06:00 (Toshkent vaqti)
AQSh – Paragvay

14 iyun, soat 09:00
Avstraliya – Turkiya

2-tur

20 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:00
AQSh – Avstraliya

20 iyun, soat 06:00
Turkiya – Paragvay

3-tur

26 iyun, soat 07:00
Turkiya – AQSh

26 iyun, soat 07:00
Paragvay – Avstraliya

AQSh

Murabbiy

Maurisio Pochettino klublar futbolidagi faoliyati tufayli obro‘ qozongan va doimo katta klublar nigohidagi mutaxassis hisoblangan. «Tottenhem»da o‘ziga xos uslubga ega jamoa qurib, Chempionlar ligasi finaliga chiqqan, uning rezyumesida «PSJ» va «Chelsi» kabi boshqa nomdor klublar ham bor.

2024 yilda AQSh Pochettinoni milliy jamoa boshqaruviga olib kelish uchun olti million yevrolik yillik maosh tayinlashdan ikkilanmadi – u hozirda 2026 yilgi jahon chempionatida ishlovchi murabbiylar orasida eng yuqori maoshga ega bo‘lgan uchinchi mutaxassisdir. Maurisioning o‘zi ham faoliyatida yangilik qilishni istagandi va Qo‘shma Shtatlardan kelgan taklifga ikkilanmay rozilik bildirgandi.

Yulduzlar

Amerikaning hozirgi tarkibida eng mashhur futbolchi Kristian Pulishich hisoblanadi. Yoshligidanoq mahalliy futbol kelajagi sifatida qaralgan ushbu vinger ishonchni oqladi va Yevropaning top-darajadagi klublari safida o‘ynadi. U AQShdagi muxlislar qattiq ardoqlashadi va mamlakatda to‘rt marta yil futbolchisi deb topishgan – bunday rekord ko‘rsatkich bilan faqat Amerika futboli afsonasi Lendon Donovan maqtana oladi.