Joriy yil mart oyida Kun.uz saytida mahallaning Navro‘ztepa qishlog‘idagi ichimlik suvi muammosi, Shakar qishlog‘idagi elektr tarmoqlarining xarob ahvoli xususida «Suv tanqisligi sillamizni quritdi» — Jomboydagi mahalla mutasaddilar e'tiborsizligidan aziyat chekmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.
Oradan bir kun o‘tib Jomboy tuman hokimligi rasmiy saytida «Muammo bor. Ammo Kun.uz iddaosi o‘rinsiz» sarlavhasi bilan munosabat bildirildi. Unga ko‘ra, mazkur mahalladagi muammolar hokimlik e'tiborida bo‘lgan va chora-tadbirlar o‘tgan yildayoq ishlab chiqilgan. Hokimlik munosabatida aprel oyida suv inshooti, transformator va hatto yo‘l muammosi ham bartaraf etilishi ma'lum qilinarkan, quyidagi savollarni o‘rtaga tashlaydi:
«...Faqat masalaning bir jihati bizni o‘ylantirdi. Maqolaga sarlavha qo‘yishda “...mahalla mutasaddilar e'tiborsizligidan aziyat chekmoqda», jumlasi tanlangani qiziq. Muammoga tuman hokimligi e'tiborsiz, deganda qaysi asosga tayanildi ekan?»
Biz ham qishloq muammolari tez orada bitishidan qoniqish hosil qilgandik. Ammo bildikki, muammolar shu holicha qolib ketgan ekan. Aholi yana ketma–ket murojaatlar bilan chiqmoqda. Xolbuki, maqoladan keyin tuman mutasaddilari mazkur manzilga borib aholiga ham yuqoridagi va'dalarni bergan edi. Biz, e'tiborsizlik deganda ana shuni nazarda tutgandik. G‘aziraliklarga bu tarzdagi e'tibor ham, va'dalar ham kerak emas, shunchaki, ichish uchun oddiy suv kerak.

«Biz bilan uchrashuvda «Suvoqova korxonasi mutasaddilari kelib qishloq aholisini suv bilan ta'minlash masalasi tez kunda yechilishi, buning uchun mablag‘ ajratilib, 800 metrli polietilen truba yotqizilishini va'da qilgandi. Qishloq aholisiga esa ichki tarmoqlarga truba tortib olish yuklangandi. Endi esa drenaj ishlarini qishloq aholisi o‘zlari qilishi kerakligi aytilmoqda. Axir tuman mutasaddilari bizga va'da bergandi. Drenaj kavlash katta xarajatni talab qiladi va ko‘pchilik uyda qolgan hozirgi sharoitda bu qishloq aholisi uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda», deydi navro‘ztepaliklar.

Mazkur maqola tayyorlanayotganda Jomboy tuman hokimligi holat yuzasidan quyidagicha izoh yubordi:
«Navro‘ztepa qishlog‘i aholisini ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasi o‘tgan yil so‘ngida kun tartibiga qo‘yilgandi.














