Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Pokistonda chaqaloqlar oʻlimi

Bugun tongda Pokistondan dahshatli xabar keldi: Islomobod shahridagi shifoxonaning tugʻuruq boʻlimida kelib chiqqan yongʻin oqibatida kamida 15 nafar chaqaloq halok boʻlgan.

«Yongʻin kasalxonaning onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻlimi uchinchi qavatida boshlandi», deyiladi Islomobod okrugi maʼmuriyati xabarida. Qutqaruvchilar soʻzlariga koʻra, yongʻin ertalab soat 06:45 lar atrofida chaqaloqlar xonasida konditsionerning portlashi tufayli kelib chiqqan.

Oʻsha vaqtda palatada 16 nafar yangi tugʻilgan chaqaloq boʻlgan va ulardan faqat bittasi qutqarib qolingan. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif voqea yuzasidan zudlik bilan tergov oʻtkazishga topshiriq berdi.

«Bolalar bilan bogʻliq fojia – oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotishdir. Aybdorlar aniqlanishi va ularga nisbatan eng qatʼiy choralar koʻrilishi shart», dedi u.

Pokistonda tibbiyot sohasi davlat tomonidan subsidiyalansa-da, davlat kasalxonalari koʻpincha resurslar yetishmovchiligi va ortiqcha yuklama muammosidan aziyat chekadi.

AQSH bosh razvedkachisi Moskvada

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktori Jon Ratkliff seshanba kuni Rossiya rasmiylari bilan uchrashish uchun Moskvaga borgan. Bu haqda AQSH nashrlari oʻz manbalariga tayanib xabar tarqatdi.

Bu 2021-yil noyabridan beri AQSH bosh razvedkachisining Rossiyaga qilgan birinchi, maʼlum tashrifi hisoblanadi. Oʻsha uchrashuvdan taxminan uch oy oʻtib, Putin Ukrainaga qarshi urush boshlagandi.

Ratkliff Trampning birinchi muddatida milliy razvedka direktori boʻlib ishlagan. Tashrif haqida xabar bergan nashrlar uning kim bilan uchrashayotgani yoki muzokaralarda qanday masalalar koʻrib chiqilishini aytmagan.

MRB ham izoh berishdan bosh tortdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bu xabarni tasdiqlamadi, ammo rad ham etmadi.

Reutersʼning yozishicha, oldinroq AQSH Ukrainadan – shu haftaning dushanba, seshanba va chorshanba kunlari Moskva, Sankt-Peterburg va ayrim shimoliy hududlar boʻylab aviazarbalar bermaslikni soʻragan. Bunga sabab yuqori martabali AQSH rasmiysi samolyotining Rossiya poytaxtiga uchishi boʻlgan.