Prezident farmoni bilan suv resurslaridan samarali foydalanish, ichimlik suvini tejash va sohada hisob-kitob tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator yangi choralar belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, har yili mart oyida “Suvni tejash oyligi” o‘tkaziladi. Uning doirasida suvni tejash, uni qadrlash madaniyatini shakllantirish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan targ‘ibot ishlari tashkil etiladi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini baholash mezonlariga ichimlik suvini tejash, shuningdek, hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatish ko‘rsatkichlari ham kiritiladi.
Shu sanadan boshlab zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.
Shuningdek, 2027 yil 1 apreldan e’tiboran ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun byudjyet tashkilotlariga respublika bo‘yicha yagona tariflar joriy etiladi.
Farmonga muvofiq, ichimlik suvini ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish jarayonlari bo‘yicha alohida hisob-kitob yuritish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu sohada xarajatlar va xizmatlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.










