Jinoiy ish ochilishiga sabab jurnalistning Arxangelsk oblasti FQB binosidagi terakt haqidagi mualliflik dasturi bo‘lgan. Roskomnadzor va Tergov qo‘mitasi vakillari Prokopeva o‘z matnida terrorizmni oqlagan degan qarorga kelgan, chunki u hokimiyatni tanqid ostiga olib, portlashni uyushtirgan talabani «Norodnaya volya» inqilobchilar tashkiloti a'zosiga mengzagan. Sud uchun ekspertiza o‘tkazgan lingvistlar Prokopevaning so‘zlarida terrorizmni oqlashni topa olishmagan, lekin ekspertlar xulosasi ishga tikilmagan.

«Takiye dela» portali Svetlana Prokopevaning suddagi so‘nggi so‘zini keltirdi.

Svetlana Prokopeva. Foto: Artyom Avanesov

«Hurmatli sud!

O‘zimning chiqishimni o‘ylab ko‘rib, odatimga ko‘ra o‘z-o‘zimga savol berdim: men ommaga qanday muhim gapni aytmoqchiman? So‘nggi so‘z odatda diqqat bilan tinglanadi, shuning uchun uni shunchaki hamdardlik istash uchun sarflash yaramaydi.

Avvaliga men so‘z uchun jinoiy ta'qib qilishning bor kuch-qudrati bilan jazolash naqadar tuturuqsiz ish ekanligi — jamoatchilikning jonli muhokamasiga nisbatan bu birqadar samarasiz ekanligi haqida so‘zlashga qaror qilgan edim. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: ko‘z oldimizda amaldor yoki siyosatdon, yoki shunchaki taniqli inson qandaydir ahmoqona, qo‘pol yoki haqoratli so‘zlarni aytib qo‘yib, shov-shuv ko‘tarilgach qisqa muddat ichida amalidan yoki reklama shartnomalaridan mahrum bo‘lgani borasida ko‘plab misollar bor. Ijtimoiy tarmoqlar tezda va aniq munosabat bildiradi. Jamoaviy o‘z-o‘zini saqlash instinktiga rioya qilgan holda jamiyat adovat va nafrat tilini bartaraf etadi.

Endi buni menga ochilgan jinoiy ishga taqqoslang. «Davlat uchun qatag‘onlar» («Repressii dlya gosudarstva») matni e'lon qilinganida uni o‘nlab, boringki yuzlab odam o‘qigan. Xalq ichida biror ko‘tarilishga sabab bo‘lgani yo‘q edi. Oradan yarim yil o‘tib uyimga SOBRchilar avtomat bilan bostirib kirib, ostin-ustun qilib tashlashdi, narsalarimni olib ketishdi — endilikda mana, ikki yildirki ekspertlarni jalb qilgan holda matnlarda jinoyat tarkibi bor-yo‘qligiga aniqlik kiritmoqdamiz. Bu holatda Roskomnadzor tomonidan xavfli deb topilgan matn yuz minglab odamlar tomonidan o‘qildi, ingliz tiliga tarjima qilinib, turli davlatlarda ham mashhur bo‘ldi.