Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi Olimpiadani yoshlar orasida ommalashtirish borasida bosh qotirmoqda. Shu maqsadda, skeytbording, syorfing, qoyalarga chiqish kabi sport turlarini Olimpiya o‘yinlariga kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Olimpiya o‘yinlariga yoshlarni qiziqtirish haqida gap ketganda, milliy jamoalarga kibersport borasida ham musobaqalashish imkonini berish kerak, deb yozadi The Economist nashri.
Qay biri ommaboproq: an'anaviy yoki kibersport?
Elektron o‘yinlar Olimpiya o‘yinlarining ot sporti yoki kyorling kabi shakllaridan ko‘ra ancha ommabop. Umuman olganda, elektron o‘yinlar an'anaviy sport turlaridan ko‘ra yoshlar orasida keng tarqalgan. Statistikaga ko‘ra, Britaniyada 16-19 yosh oralig‘idagi bolalarning 28 foizi an'anaviy sport musobaqalarini tomosha qilishni yoqtirgan bir paytda, 57 foizi videoo‘yinlarga qiziqadi.
Aksariyat kibersport deya ta'riflanayotgan videoo‘yinlar haqiqiy sport bo‘la olmaydi, deb hisoblaydi. Ammo professional ligalar shaklida o‘tkazilayotgan videoo‘yinlar stadionlarni to‘ldiradigan ana'naviy sport bilan raqobatchi bo‘la oladi. Deylik, dunyoda turnirlarda ishtirok etish orqali daromad topa oladigan tennis yulduzlari 200 nafar atrofida bo‘lishi mumkin. Biroq 5 kishilik jamoalar qatnashadigan videoo‘yinlardan iborat «Fantastik liga»da (kibersport musobaqalaridan biri) ishtirok orqali 1000dan ortiq kishi mo‘maygina pul topadi. Bu liganing o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan finalini 44 milliondan ziyod kishi kuzatgan edi.
Norozilikka sabab bo‘lgan futbol va beysbol
Yangi shakllana boshlagan sport turlarining ommalashishi har doim qiyin kechgan. 1314 yilda Angliya qiroli Eduard II o‘g‘il bolalar kamondan o‘q otishni o‘ranishi kerak, degan o‘yda futbolni taqiqlab qo‘yishga harakat qilgan edi. 19-asrda esa AQShda ayrim toifa taqvodorlar azart o‘yin deya beysbolga qarshi chiqishgan.
Ammo kibersport ham an'anaviy sport turlari kabi mahorat va epchillikni talab qiladi – professional o‘yinchi soniyasiga beshtagacha turli harakatlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, videoo‘yinlar ot sportiga qaraganda ancha arzon va qulay ham sanaladi.
Qarshilar va yoqlovchilar
Kibersportni tanqid qiluvchilar ularni ma'naviy jihatdan qoralashadi – videoo‘yinlar mukkasidan ketishni chaqiradi, zo‘ravonlik g‘oyalarini uyg‘otadi, vaholanki, Olimpiadaning birlamchi maqsadi xalqaro tinchlikni ta'minlashdir, deyishadi.















