Sport | 12:40 / 07.08.2020
19600
8 daqiqa o‘qiladi

YeChL qaytmoqda. Da'vogarlar va asosiy intrigalar

Besh oylik tanaffusdan so‘ng, nihoyat Yevropa Chempionlar Ligasi bahslari ham qaytmoqda: avvaliga nimchorak finalning chala qolgan qismi o‘ynaladi, keyin esa, chorak finaldan boshlab, har bir bahs bir o‘yindan iborat bo‘lgan holda g‘olib aniqlanadi – hozirdan aytish mumkinki, bizni kutilmagan natijalar va shiddatli bahslar kutib turibdi.

Foto: Oscar J. Barroso/Getty Images

Quyida to‘liq taqvimni havola qilamiz.

1/8 final, javob o‘yinlari
7 avgust, juma, soat 00:00
«Manchester Siti» – «Real» (birinchi o‘yin — 2:1)
«Yuventus» – «Lion» (birinchi o‘yin — 0:1)
8 avgust, shanba, soat 00:00.
«Bavariya» – «Chelsi» (birinchi o‘yin — 3:0)
«Barselona» – «Napoli» (birinchi o‘yin — 1:1)

Chorak final o‘yinlari.
12 avgust. «Atalanta» – «PSJ»
13 avgust. «RB Leypsig» – «Atletiko»
14 avgust. «Barselona»/«Napoli» – «Bavariya»/«Chelsi»
15 avgust. «Siti»/«Real» – «Yuventus»/«Lion»

Yarim final.
18 avgust kuni birinchi va ikkinchi chorak g‘oliblari, 19 avgust kuni esa, keyingi o‘yinlar g‘oliblari finalchini aniqlaydilar. Final 23 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Chorak finaldan boshlab barcha o‘yinlar Portugaliyada bo‘ladi.

Asosiy da'vogarlar

Foto AFP

Yaqqol da'vogarlar uchta. «Manchester Siti» anchadan buyon ushbu sovrinni orzu qilmoqda va ayniqsa, ushbu mavsumda motivatsiya o‘ta yuqori: milliy chempionatda sovrin boy berilganda nihoyat yevrokubokni yutib, David Silvani yuqori darajada kuzatib qo‘yish, shuningdek, yevrokuboklarga qo‘yilgan taqiqning bekor qilinganini yaxshilab «yuvish».

Bundan tashqari, «Oltin to‘p» bu yil bekor qilingan bo‘lsa-da, Kevin De Bryuyneda mavsumni yuqori saviyada yakunlash va eng yaxshi o‘yinchi bo‘lish istagi bor, xullas, Pep shogirdlari nihoyat, niyatlariga yetishlari lozim.

Ikkinchi favorit – «Bavariya». Myunxenliklar klubi mavsum yakunini juda kuchli o‘tkazishdi, nimchorak finalning dastlabki o‘yinida ham «Chelsi» «yanchib tashlangandi». Nemislarning asosiy quroli – Robert Levandovski, ammo bir qator kamchiliklar ham bor, masalan, bosh murabbiy Flikning tajribasizligi yoki Bundesliga ertaroq tugagani uchun kerakli tonusdan uzoqlashilgan bo‘lishi mumkinligi.

«Atletiko»ning ham imkoniyatlari yuqori – Simeone shogirdlarining final sari yo‘lida grandlar ko‘p emas, ayniqsa, «Liverpul» dog‘da qoldirilgandan keyin ishonch yanada ortgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, format ham madridliklarga juda mos, uchta o‘yin yutilsa, kifoya. Jamoaning hujum chizig‘ida muammo mavjud, har bir gol osonlik bilan yuzaga kelmasligi tayin. Lekin hamma o‘yinni 0:0 bilan tugatib, penaltidan yutish ham bir variant.

Qiyin holatdagi grandlar

Foto: Alex Caparros/Getty Images

«Napoli» yoki «Lion» kabi yaqqol autsayderlarni aytmasa, o‘yin nuqtayi nazaridan «Yuventus» va «Barselona»ning holati havas qilarli darajada emas. Ko‘p tomonlama o‘xshash – murabbiylar jamoa o‘yinini boshqara olishmayapti, natija uchun esa, Leo Messi va Krishtianu Ronaldu javobgar.

Bunday sharoitda bir necha o‘yinni muvaffaqiyatli o‘tkazish juda qiyin, ayniqsa, o‘rtada tanaffuslar ham yo‘q. «Barselona» «Napoli»dan o‘tsa, «Bavariya» kutib turibdi, «Yuventus» esa, «Siti»ga qarshi o‘ynash ehtimoli yuqori. Sarrining Gvardiolaga qarshi statistikasi o‘ta omadsiz.

Buning ustiga, ushbu grandlar ustida bosim katta va qizig‘i, bu bosim futbolchilardan ko‘ra, murabbiylar yelkasiga tushgan. Ya'ni, agar bu turnirda muvaffaqiyat qozonilmasa, ikki haftada keyin yangi murabbiylar Barselona va Turinga tashrif buyurishlari ham ehtimoldan uzoq emas.

«Real» hali shu yerda

«Real» hali o‘yindan chiqib ketganini ham unutmaslik kerak. Zidan boshchiligida madridliklar YeChL pley-offdan chiqib ketishmagan, demak hammasi yana teskari aylanib ketishi ham mumkin. «Blankos»ning ayniqsa La Liganing so‘nggi turlarida qanday tartibli o‘yin ko‘rsatganini eslasak, buning ustiga, javob o‘yinini o‘z uyida o‘tkazayotgan «Siti»ga qo‘shimcha bosim tushishini e'tiborga olsak, hamma kurash oldindan, ya'ni bugun.

«RB Leypsig»da ham oxirgi bosqichlargacha borish imkoniyati bor. Bu mavsumda «Atalanta»ga qoyil qolishmoqda, ammo «Red Bull» ham juda kuchli: Nagelsman yigitlari murakkab guruhda g‘olib bo‘lishdi va Mourino jamoasi ustidan namunali g‘alabaga erishdi. Agar «Atletiko»dan o‘tish nasib qilsa, uyog‘iga har qanday natijani kutish mumkin ulardan.

Eng yaxshi syujyet

Foto AFP

«Atletiko»ning «PSJ»ga qarshi o‘yini chorak finalning eng qiziq to‘qnashuvi bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, narigi tarafda grandlarning o‘zaro to‘qnashuvlari bor – ammo u o‘yinlar har doim o‘tkaziladigan klassik qarama-qarshiliklar bo‘lib, u yoki bu jamoaning g‘alabasi hech qanday keskin xulosalarni taqdim etmaydi. Barchasi maydonda hal bo‘ladi.

Ammo biz aytgan o‘yin ssenariy, syujyet tomonidan ham qiziq – bir tomondagilar kamtarona budjet bilan butun Yevropani titratishdan to‘xtamayapti, ikkinchisi esa, katta pullar sarf qilingani qaramasdan, doim omadsizlik og‘ushida. O‘rtaga juda muhim qadriyatlar tikilishi turgan gap, bu o‘yindagi mag‘lubiyat «PSJ»ning umuman keyingi rejalariga, tarziga ta'sir qilishi mumkin.

Agar Parij klubi yarim finalga chiqsa, bugungi xo‘jayinlar uchun eng yaxshi natija bo‘ladi, ammo taqdirni qarangki, yarim finalda qandaydir grand emas, yutqazish mumkin bo‘lmagan «Atalanta» yoki «Leypsig» kabi loyihalar ro‘baru bo‘ladi – eng yaxshi natijani qayd etgan «PSJ» agar yarim finalda yutqazsa, hech kim kechirilmaydi, ayniqsa, Tomas Tuxel.

Vaziyatni qarangki, «PSJ»ning final sari yo‘lida, aynan kam pul va yuqori saviyadagi menejment tufayli, shu darajaga yetib kelgan «Atalanta», «Leypsig» yoki «Atletiko» kabi jamoalar turibdi.

Mbappe yoki Veratti o‘yinlarda qatnashishi so‘roq ostida turgan bo‘lsa-da, ularsiz ham «PSJ» finalga chiqishga majbur. 

Mavzuga oid