O‘zbekiston | 13:44 / 24.09.2020
1827
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika sud ekspertizasi markaziga xalqaro akkreditatsiya attestati berildi

Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi O‘zbekistonda sud ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar orasida birinchi bo‘lib “Tadqiqot va kalibrlash laboratoriyalarining vakolatliligiga qo‘yiladigan talablar” ISO 17025:2019 standarti bo‘yicha xalqaro akkreditatsiya attestatini qo‘lga kiritdi.

Akkreditatsiya bu Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatining dunyo standartiga mos kelishi bo‘lib, bu harakat 2017 yildan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda boshlangan. Markaz xodimlari Litva Respublikasida malaka oshirib qaytishdi va 3 mln 326 ming dollarlik zarur asbob-uskuna va texnologiyalar bilan ta'minlandi.

23 sentabr kuni o‘tkazilgan tadbirda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi vakili Ashita Mittal xonim va AQShning O‘zbekistondagi Missiyasi rahbari o‘rinbosari Debora Robinson xonim va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi. Ular bu attestatning berilishi yurtimizda sud ekspertiza sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shishini ta'kidlashdi.

“Respublika sud ekspertizasi markazining giyohvand moddalarni tahlil qilish va DNKni o‘rganish bo‘yicha laboratoriyalarining texnik vakolati tashqi mustaqil akkreditatsiya organi tomonidan ISO 17025:2019 Xalqaro ctandartiga to‘liq mos keladi deb tan olindi. Bu Sizning buyurtmachilaringizga ekpertiza natijalarining aniq va ishonchli bo‘lishini ta'minlaydi”, – deydi Mittal xonim.

Mavzuga oid