Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 1 iyunda qabul qilingan “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘RQ–249-sonli qonuniga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritiladi:

11-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Sud eksperti sifatida jalb etiladigan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining sud eksperti oliy ma'lumotga ega bo‘lgan, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotiga ega bo‘lgan hamda sud eksperti sertifikatini olgan bo‘lishi lozim”;

quyidagi mazmundagi 12-1-modda bilan to‘ldiriladi:

“12-1-modda. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma'muriy sud ishlari bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazishga ixtisoslashgan, shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislari bo‘lgan tashkilot hisoblanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi mumkin, oilaviy korxona bundan mustasno. Bunda quyidagi majburiy shartlarga rioya etilishi kerak:

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining rahbari sud eksperti bo‘lishi;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining shtat birligi tegishli malakaga ega bo‘lgan sud ekspertlarining shtatdagi eng kam soniga doir, qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi.

Sud eksperti faqat bitta nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, ular kabi huquqqa ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar hisoblanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan sud-ekspertizasining turlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari haqidagi ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning Yagona reyestriga kiritiladi.