Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoydagi hayvonot bog‘ida ayiqlar sayyohlar ko‘z o‘ngida qo‘riqchini g‘ajib tashladi
Shanxay yovvoyi hayvonlar bog‘ida ayiqlar xodimlardan birini tashrif buyurganlar ko‘z o‘ngida g‘ajib tashladi. Bu haqda BBC rus xizmati xabar bermoqda.
Hodisa turistik avtobus yo‘lovchilaridan biri tomonidan videoga olindi. Internetda tarqalib ketgan videoda avtobusning yovvoyi hayvonlar joylashgan hududdan o‘tib ketayotganini ko‘rish mumkin. Yo‘lovchilar avtobusdan tashqarida ayiqlar yig‘ilganini ko‘rib, qichqirishni boshlagan.
Hayvonot bog‘i vafot etgan xodimning oilasiga hamdardlik bildirib, rahbariyat qayg‘uda ekani va bu holat takrorlanmasligi uchun barcha choralar ko‘rilishini ta'kidladi. Bog‘ ma'muriyati bu voqeaga guvoh bo‘lgan sayyohlardan ham uzr so‘radi va chiptalar pulini qaytarib berdi.
Bog‘ ayiqlar to‘siqsiz harakatlangan yovvoyi hayvonlar hududini vaqtincha yopib qo‘ydi va xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Tashrif buyuruvchilar bu hududdan faqat avtobus ichida o‘tishi mumkin.
Hodisa tasvirlangan video tezlik bilan Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida tarqaldi va hayvonot bog‘lariga ehtiyoj borligi to‘g‘risida turli tortishuvlarga sabab bo‘ldi.
Ba'zi foydalanuvchilar ayiqlar shunchaki yovvoyi hayvonlar kabi o‘zini tutganini ta'kidlab, hayvonot bog‘larini umuman yopib tashlashga chaqirdi. Boshqalar fojia uchun hayvonot bog‘i ma'muriyati aybdor ekanini aytib, xavfsizlik choralari yetarli darajada bo‘lmaganini bildirdi.
Xitoyda hayvonot bog‘i ishchilariga hayvonlar tomonidan hujum qilinishi kam kuzatiladi, ammo biroz oldin tashrif buyuruvchilar provokatsiyasidan so‘ng bir necha holat kuzatildi. Masalan, 2017 yilda ayiq Xitoy safari-parkiga tashrif buyurgan shaxsni tishlab olgan, u ogohlantirish belgilariga ahamiyat bermagan va ayiqqa ovqat berish uchun derazani ochgan.