Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 12-avgust kuni X ijtimoiy tarmog‘ida o‘z lavozimini tark etishga qaror qilganini e’lon qildi. U bu qarorni o‘zi uchun bir vaqtning o‘zida ham og‘ir, ham to‘g‘ri qaror sifatida ta’riflagan.

Livittning aytishicha, uning lavozimdan ketishiga ikki nafar yosh farzandiga ko‘proq vaqt va e’tibor ajratish istagi sabab bo‘lgan.

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, Livitt yaqinda ikkinchi farzandi tug‘ilishi munosabati bilan olgan qisqa ta’tildan so‘ng ishga qaytgan edi. Uning Viviana ismli qizi may oyida tug‘ilgan. Shuningdek, uning ikki yoshli o‘g‘li ham bor.

Livitt Oq uyga ishga qaytganidan keyin matbuot kotibi vazifasi talab qiladigan vaqt, kuch va e’tiborni ishga bag‘ishlash bilan bir paytda ikki nafar kichik farzandi uchun o‘zi istagan darajadagi ona bo‘la olmasligini his qilganini yozgan.

U, shuningdek, Donald Trampga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, AQSh prezidenti nomidan jamoatchilik oldida so‘zlash imkoniyatini o‘ziga berilgan «alohida ishonch» deb atagan.

Tramp Livittning ketishini tasdiqladi

Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Livitt avgust oyi oxirida Oq uy matbuot kotibi lavozimini tark etishini ma’lum qildi.

AQSh prezidenti uning matbuot kotibi sifatidagi faoliyati uchun minnatdorlik bildirib, Livittni Oq uydagi «haqiqiy yetakchi» deb atagan.

Trampning bildirishicha, Livitt lavozimidan ketganidan keyin ham siyosiy maydonda faol bo‘lib qolishi kutilmoqda. Prezident uni kelgusida o‘zining asosiy tashqi maslahatchilaridan biri va Respublika partiyasida ta’sirli shaxs bo‘lishini aytgan.

Biroq Tramp Oq uyning yangi matbuot kotibi kim bo‘lishi haqida ma’lumot bermagan.

Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibi

Hozirda 28 yoshda bo‘lgan Kerolayn Livitt AQSh tarixida Oq uy matbuot kotibi lavozimini egallagan eng yosh shaxs hisoblanadi.

U Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida ham Oq uyda ishlagan. Livitt 2020-yil iyun oyidan Oq uy matbuot kotibi yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Keyinchalik u Trampning 2024-yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasida matbuot kotibi vazifasini bajargan.

Livitt Tramp tarafdorlarining MAGA - «Amerikani yana buyuk qilamiz» harakatining eng taniqli va faol vakillaridan biri sifatida ham tanilgan.