Avvalroq joriy yil 15-31 yanvar kunlari «PIK Industriya» AJ va «Texstroy» MChJ qurilish korxonalari vakillari Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni tanlov asosida suhbatdan o‘tkazishni rejalashtirgani haqida xabarlar berilgan edi.

Xabarlarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri aholisi uchun sinovlar Samarqand shahridagi Transport kolleji binosida 25-31 yanvar kunlari o‘tkazilishi ma'lum qilingan edi. Ammo grafikdan 2 kun kechikib boshlangan bu tanlovga Sirdaryo viloyati fuqarolari yuborilmagan.

Sirdaryo viloyatidan yo‘llangan murojaatda yozilishicha, Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar viloyat tashqi migratsiya boshqarmasiga murojaat qilganida, boshqarma xodimlari ularni Samarqandga borishdan qaytargan va birida sinovlar qoldirilganini, yana birida keyinroq Sirdaryo viloyatining o‘zida o‘tkazilishini bildirgan. Yana bir safar esa Rossiya qurilish korxonalari Farg‘ona va Urganchda ko‘p odam olgani uchun Sirdaryo viloyatidan Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni sinovdn o‘tkazishga ehtiyoj qolmagani aytilgan.

Masalaga oydinlik kiritish uchun avval Tashqi migratsiya agentligining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Isroilov bilan bog‘landik. Uning aytishicha, viloyat huquqni himoya qilish organlari sinov boshlanishidan avval Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni Samarqandga yubormaslikni so‘ragan. Buning sababini ular Samarqandga ko‘p odam borsa, karantin qoidalariga ham zid bo‘lishini va tashkilotchilar borganlarning barchasini sinovdan o‘tkazib ulgura olmasligi mumkinligi bilan izohlagan.

«Hali aniq sanasini aytishmadi, ammo 3 yoki 4 fevral kuni sinovlar o‘zimizning viloyatda bo‘lar ekan. Ammo bizga hali aniq sanani aytishmadi. Shu uchun fuqarolarni qaytaryapmiz. Aks holda avtobuslargacha gaplashib qo‘ygan edik», dedi Sirojiddin Isroilov.

Shundan so‘ng, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sinov o‘tkazilishi haqidagi xabarlarda ko‘rsatilgan +99871 202-33-55 raqamiga qo‘ng‘iroq qildik. Savollarimizga javob bergan 5-raqamli operator (u o‘zini shunday deb tanishtirdi) Rossiya qurilish korxonalari tomonidan Farg‘ona va Urganchda o‘tkazgan sinovlarga mo‘ljaldagidan ancha ko‘p odam kelgani, shu sababli sinovlar ortga surilganini ma'lum qildi.

Uning aytishicha, Samarqandda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan sinovlar 2 kun kechikib boshlangan. Shu bois sinovlar 31 yanvar emas, 5 fevralgacha davom ettirilishi belgilangan. U Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklar sinovdan o‘tish uchun Samarqandga yuborilmaganini tasdiqlab, 3 fevral kuni Samarqandda kun davomida faqat Sirdaryo viloyatidan bo‘lgan talabgorlar sinovdan o‘tkazilishini ma'lum qildi.