Sarvinoz Jahon tillari universitetining fransuz tili filologiyasi 4-bosqichida o‘qiydi. O‘qishdan tashqari, kuniga 6 mahalgacha kurs tashkil qilib, o‘quvchilariga an'anaviy va onlayn til o‘rgatadi.
Poliglot til o‘rganish tarixi haqida hikoya qilarkan, 7-sinfga qadar til o‘rganish niyati bo‘lmaganini aytadi. Uning ona tili – o‘zbek tili; uyda oilasi bilan to‘liq o‘zbekcha muloqot qilishadi. Rus tilini bog‘chada, televizorda rus tilidagi ko‘rsatuvlar orqali o‘rgangan.
«Til o‘rganish uchun uyda doimiy muhit bo‘lgan. Otam Sarvar Ismatov – fransuz tili bo‘yicha filologiya fanlari nomzodi, dotsent. Onam Ra'no Ne'matova matematika fanidan litseyda dars beradilar.
Bolaligimizda televizorda rus tilida axborot berilsa, otam va onam bizni yonlariga olib, u haqda rus tilida suhbat qilar, nimani tushunganimizni bittalab ruschada so‘rab olardilar. Bog‘chada ham rus guruhiga borganmiz», – deydi Sarvinoz rus tilini qanday o‘rgangani haqida.
Ota-ona bergan motivatsiya
Sarvinoz 3-sinfdan boshlab turli cholg‘u asboblarini chalishni boshlagan. 6-sinfni tugatganidan keyingina ingliz tilini o‘rganishga kirishgan.
«Onam matematika o‘qituvchisi bo‘lgani uchun meni matematikaga qiziqtirmoqchi bo‘lgan. Ammo bu fanga qiziqishim va rag‘batim bo‘lmagani sabab 1-2 oyga yetmay, matematikani tashlab yuborganman va ingliz tilini o‘rganishni boshlaganman. O‘sha paytda 7-sinfda o‘qirdim», – deydi u.
Sarvinoz bu tilni o‘rganishga qunt qilmaganini aytadi. Shunda u uchun eng katta motivatsiya ota-onasi bo‘lgan. Ota-onasini uyaltirib qo‘ymaslik hissi uni bu tilni o‘rganishga majbur qilgan. Natijada 9-sinfda o‘qib yurganidanoq tengdoshlariga ingliz tilini o‘rgatishni boshlagan. Bu paytda ham ingliz tili bilan muntazam shug‘ullana boravergan.
«Kimningdir mendan yaxshiroq o‘qishiga chidolmasdim…»
«Kimningdir mendan yaxshiroq o‘qishiga chidolmasdim. Darrov undan o‘tib ketishga harakat qilardim. Xuddi shu holat litseyda nemis tilini o‘rganayotganimda ham ro‘y bergan. Tengdoshlarimning bu tilga qiziqib o‘rganayotganini ko‘rib, ulardan ham yaxshi o‘rganishga ahd qilganman va buni uddalaganman», – deya izohlaydi u til o‘rganishdagi muvaffaqiyatini.
Poliglot qiz litseyda o‘qib yurganida nemis tili bilan birga, fransuz tilini ham o‘rganishni boshlagan. Uning aytishicha, otasi fransuz tili bo‘yicha mutaxassis bo‘lishiga qaramay, bu tilni buvasidan o‘rgangan. Hozirda fransuz va ingliz tilini C1, nemis tilini B2 darajada biladi.





