Sport | 08:30 / 14.03.2021
8066
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya Olimpiadada davlat rahbarlariga hamrohlik qiluvchi odamlar sonini chekladi

Foto: AP

Yaponiya pandemiya sharoitida xorijiy davlatlardan Olimpiadada davlatlar va hukumatlar rahbarlariga hamrohlik qiluvchi odamlar sonini cheklashni iltimos qildi. Jumladan, davlatlar rahbarlarining hamrohlari soni 11 kishi bilan cheklanadi.   
        
Kyodo axborot agentligining xabar berishicha, Yaponiya hukumati bunday iltimosni xorijiy elchixonalar va Milliy Olimpiya qo‘mitalari vakillariga yo‘llagan.  

Yaponiya davlatlar rahbarlariga hamrohlik qiluvchi odamlar sonini 11 kishi bilan, vazirlarga hamrohlik qiluvchi odamlar sonini esa 4 kishi bilan cheklagan. Bundan tashqari, ulardan Yaponiyaga uchishdan oldin 72 soat ichida hamda u yerga kelgach koronavirusga test topshirish so‘raladi. Ularga transport ajratiladi va sportchilar bilan uchrashish taqiqlanadi. Xorijiy delegatsiyalar a'zolarining sanitar choralarga, jumladan himoya niqobi taqish va qo‘llarni yuvishga amal qilishini ularga biriktiriluvchi yapon hukumati xodimi nazorat qiladi.  

Kyodo 9 mart kuni manbalarga tayanib, xorijiy tomoshabinlar pandemiya sababli Olimpiadaga qo‘yilmasligini ma'lum qilgandi. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Yaponiyada 25 mart kuni boshlanadigan Olimpiada mash'alasi estafetasi ham tomoshabinlarsiz o‘tadi. Xorijiy tomoshabinlarning Olimpiadaga qo‘yilishi yoki qo‘yilmasligi masalasi mart oxirigicha batamom hal qilinishi lozim. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid