AQShdan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bayonot keldi.

Shunday qilib, Ukraina-Rossiya inqirozi yana bir bor xalqaro kun tartibining dolzarb mavzusiga aylandi.

Rus aholi va rusparastlar ustun bo‘lgan Donbassda (Donetsk va Lugansk) bir tomonlama mustaqillik e'lon qilingandan so‘ng, ayirmachilar va Ukraina armiyasi o‘rtasida kechayotgan to‘qnashuvlar 2014 yildan beri davom etmoqda.

Donetskning Shumi shahrida 26 mart kuni merganlar tomonidan otilgan o‘qlar tufayli to‘rt nafar ukrain askari halok bo‘ldi, ikki nafari esa yaralandi.

Shundan so‘ng, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Donbassdagi keskinlikning kuchayishi ortidan xalqaro hamjamiyatni «Rossiyani qattiq qoralash»ga chaqirdi.

Ukraina Bosh shtabi boshlig‘i Ruslan Xomchak Rossiya harbiy mashqlar niqobi ostida Ukraina chegarasidagi Bryansk va Voronejga, shuningdek, Qrimga harbiy yuklar yetkazib berganini aytdi.

Xomchak, shuningdek, Rossiya-Ukraina chegaralari, Qrim va Donbassda Rossiya armiyasining 28 bataloni mavjudligini, yaqinda Rossiya chegara va Qrimga qo‘shimcha ravishda 25ta batalon yuborishni rejalashtirayotgani, bu holat esa Ukrainaning harbiy xavfsizligiga tahdid solayotganini bildirdi.

30 mart kuni New York Times nashri Ukraina sharqidagi vaziyat keskin yomonlashgani, xususan, chegara bo‘ylab Qrimga harbiy bo‘linmalar yuborilgani haqida maqola e'lon qildi.

Mart oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marta rossiyalik harbiylar texnikasi harbiy poligondan tashqarida, xususan, Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakatlangani aks etgan foto va videolar tarqalgandi. 

Ukraina razvedkasi: «Rossiya keng ko‘lamli provokatsiyaga tayyorlanmoqda»

Ukraina mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasi Rossiya Ukrainaga qarshi «keng ko‘lamli» provokatsiyaga tayyorlanayotganini iddao qildi.

«Bosqinchilarning dushmanlik harakatlariga nisbatan Ukraina harbiy javob berish»ni maqsad qilgani aytilgan mazkur bayonotda «Donetsk va Lugansk xalq respublikalari» deb atalgan hududlarda Rossiya o‘z harbiy kuchlarini ko‘paytirishni rejalashtirayotgani ta'kidlanadi.

Razvedka agentligi «Rossiya bosqinchi qo‘shinlari» Ukraina hududiga kirib borishga urinishlari ham sodir bo‘lishi mumkinligini aytdi.