Jahon | 13:40 / 17.08.2021
37985
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Amerika samolyoti bir reysda 640ga yaqin afg‘onistonlikni olib uchdi

15 avgust kuni kechqurun Amerika harbiy-havo kuchlarining Boeing C-17 Globemaster III rusumli harbiy-transport samolyoti Kobuldan 640 nafarga yaqin tinch aholi vakilini olib uchdi. Bu haqda dushanba kuni kechqurun DefenceOne nashri muxbiriga ma'lum bo‘ldi, unga harbiylardan biri yuk samolyoti bortida olingan suratni taqdim etgandi.

Foto: Defense One

Avvaliga samolyot ekipaji bortga shuncha yo‘lovchini olishni rejalashtirmagandi, ammo parvoz arafasida aeroportdagi vahima chog‘ida odamlar samolyotga chiqib olishgan.

AQSh mudofaa vazirligi Defense One nashriga ma'lumot berishicha, ekipaj odamlarni qaytarib tushirib yubormaslikka va ularning barchasini olib ketishga qaror qilgan. Barcha qochqinlar samolyot poliga joylashtirilgan hamda sog‘-salomat Qatardagi aviabazaga uchib borishgan.

Bu reys yuzlab yo‘lovchilarni olib uchgan bir necha reyslardan biri bo‘ldi. Pentagon vakilining ma'lum qilishicha, ayrimlarida yo‘lovchilar soni 640 nafardan ham oshiq bo‘lishi mumkin.

Shoshilinch evakuatsiya qilish zarur bo‘lgan ko‘plab odamlarni tashishda C-17 samolyotidan tez-tez foydalaniladi. 2013 yilda C-17 Filippinda to‘fon ta'sirida qolgan rekord miqdordagi yo‘lovchilarni tashigan — o‘shanda 670 kishi falokat zonasidan bitta reysda olib chiqilgan.

Mavzuga oid